Odob
Taniqli adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov «Millat siyrati musavviri» maqolasida Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanidan quyidagi iqtibosni keltiradi: «Kumush uyalib zo‘rg‘agina salom berdi va Yusufbek hojining yaqinig‘a kelib bo‘yin egdi. Hoji qo‘li bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning yelkasiga tegizib olg‘an qo‘lini o‘pdi:
– Bizning Marg‘ilonda ham shunday kelinimiz bor ekan-ku, biz bilmay yurg‘an ekanmiz-da, – deb qo‘lini duog‘a ochdi».
Bu ko‘chirmada muhim ikki nuqta mavjud. Birinchisi – ulug‘ adib «Marg‘ilonda ham» deb, birgina uch harfdan iborat yuklamani qo‘llash orqali Yusufbek hojining otalarcha adolatiga ishora qilmoqda. «Ham» yuklamasi zamirida g‘oyat katta ma’no bor. Bordi-yu u tushib qolsa, ma’no butunlay teskari bo‘lib ketadi. Bu bilan hoji Kumushga izzat ko‘rsatish barobarida Zaynabning ham hurmatini joyiga qo‘ymoqda.
Ko‘p tashkilotlarda ma’naviy soat darslarini olib boraman. Tinglovchilarga Yusufbek hoji marg‘ilonlik kelini bilan uchrashganida nima deganini so‘rayman. Har o‘n kishidan to‘qqiztasi, ba’zida o‘ntasi «ham»ga e’tibor bermagan bo‘ladi.
Ikkinchi nuqta: Yusufbek hoji Kumushning peshonasiga tekkan qo‘lini o‘pishidir – bu chinakam milliy, odobiy urf, tobora unutilib borayotgan udum. Qadim-qadimdan otalar o‘z qizlariga, kelinlariga bo‘lgan mehrlarini shu tarzda namoyon etganlar.
(«Siz yozmagan kitob»dan)


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter