Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yurtimizda chiqindilarni qayta ishlaydigan korxonalar soni oshib bormoqda

Yurtimizda chiqindilarni qayta ishlaydigan korxonalar soni oshib bormoqda

15 noyabr kuni butun dunyoda chiqindilarni ikkilamchi qayta ishlash kuni hisoblanadi va shu kuni jamoatchilik e’tibori chiqindilardan foydali xomashyo ishlab chiqarish lozimligiga qaratiladi.

Yurtimizda ham bu borada doimiy ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan maishiy chiqindilarni boshqarish, ularni qayta ishlab, elektr energiyasi va boshqa foydali mahsulotlar olish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, aholidan hosil bo‘ladigan chiqindilarni qayta ishlashga yo‘naltirish borasida investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

«Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya va Xitoy Xalq Respublikasi bilan maishiy chiqindilardan elektr energiyasi olish bo‘yicha investitsiya loyihalari imzolandi. Janubiy Koreyaning «Seijin» kompaniyasi tomonidan «Ohangaron» poligonida to‘plangan chiqindilardan elektr energiyasi olish bo‘yicha loyiha boshlandi, — dedi Ekologiya vazirligi bosh mutaxassisi Nodir Sherqulov. — Qolaversa, tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash borasida 66 ta davlat xususiy sheriklik loyihalari yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ushbu korxonalar tomonidan aholidan hosil bo‘layotgan chiqindilar olib ketilib, saralangan qismini ishlashga yo‘naltirilmoqda».

Ekologiya vazirligi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi mutaxassisi Umid Xolmatovning ta’kidlashicha, respublikamizda 2024 yilning o‘tgan 6 oyi davomida 292 dan ortiq chiqindini qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan 5,2 mln tonna maishiy chiqindilarning 270 ming tonnasi qayta ishlanib, qayta ishlash darajasi 5,2 foizga yetkazildi.

Yurtimizda chiqindilarni ikkilamchi qayta ishlab, ulardan boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarayotgan korxonalar soni ham ortib bormoqda. Shulardan biri «Toshkent plast polimer» korxonasidir. Bu yerda har kuni 50 tonnadan ziyod chiqindilar qabul qilinadi va qayta ishlanadi.

«Korxonamizda chiqindilardan 15 turdagi mahsulotlar tayyorlanadi. Xususan, 30 turdagi plastik yashiklar, yevro va standart poddonlar, gofrokorobka mahsulotlari, chiqindi qutilari, avtomobil bamperlari, plastik chelaklar ishlab chiqariladi», — dedi korxona direktori Dilmurod Xo‘jayev.

Korxonada chiqindilarni qayta ishlashdan hosil bo‘lgan chiqindilar ham yana qayta ishlashga yo‘naltiriladi. Yangi mahsulot tayyorlanayotganda ularning chidamliligini, elastikligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu mahsulotlar sinmaydi, zararlanmaydi va uzoq muddat xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, 2027 yilga qadar yurtimizning 11 ta hududida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavodlar qurilishi ko‘zda tutilgan. Natijada yiliga 4,7 mln tonnadan ortiq chiqindini yoqish orqali 2,1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, poligonlar soni besh barobarga qisqaradi. 97 mln AQSh dollari qiymatidagi elektr energiyasi sotiladi. Shuningdek,152 mln metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda 2,4 mln tonna issiqxona gazlari kamayadi. 1 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring