Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishdagi muammolar va takliflar

O‘zbekistonda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishdagi tadbirkorlarni rag‘batlantirish borasida bir qator moliyaviy va amaliy mexanizmlar ishlab chiqilgan.
Shu bilan birga, oilaviy tadbirkorlikning oilalarni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni shakllantirish, ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlashdagi o‘rnini inobatga olgan holda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha imtiyozlar berish, qonun hujjatlarini liberallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi lozim. Xususan,O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlikni amalga oshirish tartibi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlik sub’yektlari uch nafargacha doimiy ishchini yollab, ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga haqli ekanligi belgilangan.
Biroq, amaliyotda ushbu cheklov oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilishi, shu bilan birga yollanma ishchilarni mehnat shartnomasi tuzmagan holda ish bilan ta’minlashda, natijada sun’iy ishsizlikning oshishi uchun zamin yaratadi.
Shu bois, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlik sub’yektlariga 5-10 nafargacha doimiy ishchini yollab, ular bilan mehnat shartnomasi tuzish huquqini berish maqsadga muvofiq.
Xususan Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 noyabrdagi 707-sonli qaroriga ko‘ra yakka tartibdagi tadbirkorlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha besh nafargacha xodimlarni yollash huquqi berildi.
“Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasiga ko‘ra oila boshlig‘i, uning xotini (eri), bolalari va nabiralari, ota-onasi, mehnatga qobiliyatli yoshga to‘lgan boshqa qarindoshlari (bolalari va nabiralarining erlari (xotinlari), tug‘ishgan hamda o‘gay aka-uka va opa-singillari, ularning erlari (xotinlari) hamda bolalari, tog‘a va amaki hamda amma va xolalari) oilaviy korxona ishtirokchilari bo‘lishi mumkin. Faqat muomalaga layoqatli shaxslar oilaviy korxona ishtirokchilari bo‘lishi mumkin.
Mazkur normaga oilaviy korxona ishtirokchisi sifatida tijorat tashkilotini, agar uning ustav kapitali to‘liq oila a’zolarining biri yoki bir nechtasiga tegishli bo‘lsa, kiritish maqsadga muvofiq.
Shuningdek mazkur moddaning ikkinchi qismidagi bir oilaviy korxona ishtirokchisi bir vaqtning o‘zida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi bo‘lishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi cheklovni chiqarib tashlash maqsadga muvofiq.
Masalan: Armeniya Soliq kodeksining 267-moddasiga ko‘ra oilaviy tadbirkorlik sub’yekti sifatida tijorat tashkilotlari ham ishtirok etishlari mumkin. Qolaversa Armeniyaning “Korxonalarning davlat registri to‘g‘risida”gi Qonuninga ko‘ra oilaviy korxonalar o‘zlarining mablag‘larini boshqa korxonalar faoliyati uchun kiritishi, boshqa korxonalar (qo‘shma, chet el korxonalari) a’zosi bo‘lish huquqlariga ega.
Shuningdek, jaxon tajribasidan kelib chiqqan holda, “oilaviy korxona” atamasiga ta’rif berishda kelgusida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan “biznes-sulolalari” uchun ham huquqiy asos yaratishga e’tibor qaratish lozim.
Shu o‘rinda, oilaviy korxonalar tomonidan aksiyalar sotib olish, chiqarish, “oilaviy aksionerlik kompaniyalari” tushunchalarini qonunchilik hujjatlarida yoritish lozim.
Masalan: “oilaviy korxona” deb nomlanishi uchun Finlyandiyada – aksiyalarning 50% bir oila vakillarida saqlangan bo‘lishi, Amerika va Germaniyada aksiyalarning 25% oila a’zolarida saqlanib qolgan bo‘lishi lozim.
Qishloq joylari, chekka hududlarda oilaviy tadbirkorlik orqali turizm, hizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirish maqsadida vaqtincha imtiyozlar beruvchi qonun hujjatlarini ishlab chiqish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va oilalarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadga muvofiq.
Guljamol Shukurova,
Biznes-ombudsman devoni mas’ul xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter