Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘layotgan bandaning so‘nggi iltimosi

O‘layotgan bandaning so‘nggi iltimosi

Muhabbat

U suyuklisining bir lahzalik quvonchi uchun o‘zini qandaydir telbalarcha, ammo bilib-ko‘rib turib, bundan sira afsuslanmasdan, og‘rinmasdan, hattoki buyuk mamnuniyat bilan, ilohiy baxt og‘ushida qurbon qildi: avval borini qo‘shqo‘llab sochdi, yetmay qolganida qarz-havola ko‘tardi, o‘zini bitib ketgan boyon ko‘rsatdi, ayolni faqat shunday hayotga munosib deb bildi...

Bor-budidan ayrilganidan so‘ng esa o‘zi birinchi bo‘lib ketdi. Shunday, kamzulini yelkasiga tashladi-yu, uydan chiqdi-ketdi...

Azob

Istihola yomon narsa bo‘larkan...

– Undan keyin... menga unga aytdimki...

Yerdan ko‘z uzolmay, gaplaringni jimgina tinglab o‘tiribman-u, senga ham, o‘zimga ham achinib ketyapman. Eh, do‘stim, seni toza qiynab qo‘ydim-ku. Agar yolg‘on to‘qishga bu qadar no‘noqligingni bilganimda edi, aldashni boshlagan zahoting: «Bas qilaqol...» derdim va shu bilan o‘zimni ham, seni ham bu azobli xijolatpazlikdan qutqargan bo‘lardim.

O‘tinch

O‘zini osgan odam shunday vasiyat qoldirgandi:

«O‘layotgan bandaning oxirgi iltimosi bajo bo‘larkan. Shunday ekan, o‘tinaman, yolvoraman, iltijo qilaman: mening o‘rnimga kollejni bitirgan qizimni ishga olinglar...».

Ibrat

Tog‘am juda pishiq-puxta, tejamkor, uddaburon odam. Talabalik yillarim u kishi bilan bir xonada uch oy ijarada turib hech narsaga zoriqmadim, doim qornim to‘q, ustim but bo‘ldi. To‘rtinchi oy boshida esa kitob do‘konini aylana turib, negadir tog‘amning tilida so‘zlab yubordim:

– O‘zi yupqagina kitob ekan-u, narxini qarang...

Razolat

Eri boshqa juvonga ilakishib ketib qolgach, bu ayol qaynona-qaynotasi, qaynog‘a-qayinopalari bilan bir hovlida yashayverdi, ichidan o‘tganini bildirmasdan, ularga astoydil xizmat qilaverdi.

Kunlarning birida xuddi kelishib olishganday uydagilarning hammasi qaygadir jo‘nab qolishdi, faqat ertalab mamnun qiyofada kirib kelishdi. Axiyri tasodifan, gap-so‘zlaridan uydagilar erining yangi xotinidan farzand ko‘rgani sharafiga o‘tkazgan to‘yga borishgani, rosa o‘yinga tushishganini bilib qolgach, jizg‘anagi chiqib ketgan ayol beixtiyor yozg‘irdi:

– Men ularning kalishi ustidan hatlab o‘tmabman! Ular bo‘lsa bemalol mening ustimdan hatlab o‘tib, kundoshimning to‘yiga borishibdi. Kecha ular u yerda raqs tushishgan, bugun bo‘lsa bu yerda. Qani imon?

Ong

Kompyuter... aqlli, o‘ta aqlli: bugun uni to‘rt marotaba o‘zi bilan o‘zini shaxmat o‘ynashga majbur etdim. Natija har gal durang bo‘laverdi. Menga qarshi o‘ynayotganida esa, durang taklif qilgandim, ko‘nmadi, ayyor...

Baho

Tanqidchi:

– Asaringiz lotin tilida yozilganmi deyman?

Muallif hayajonlanib ketdi:

– Nega... nega bunday deyapsiz?

– O‘lik til ekan...

Yolg‘on

Odatimizga ko‘ra, chaqaloqni ko‘tarib olgan mahal og‘ir deyilmaydi.

Mehmonimiz, munkillab qolgan Toshboy ota beshikdagi go‘dakni qo‘liga oldi-yu, baayni og‘ir xarsangtosh ko‘targanday enkayib qoldi. So‘ng mashaqqat bilan qaddini rostlab, og‘ir nafas olarkan:

– Umrini bersin, yengilgina ekan, – dedi.

Qariya odatni buzmaslik uchungina yolg‘on gapirdi. Va naqadar yoqimli edi bu yolg‘on...

Qaydasan, haqiqat?

Olim tanishimiz bilan mutlaq haqiqatlar xususida gurunglashib qoldik. Men:

– Ular mavjud. Hech bo‘lmasa matematik qonuniyatlarda, – dedim.

Olim bu fikrga qizg‘in e’tiroz bildirdi:

– Bo‘lmagan gap. Har qanday gipotezada nisbiylik mavjud. Misol uchun, «Parallel chiziqlar kesishadi, faqat cheksizlikda», deyishadi. Qarang, hatto shu matematik qonuniyatda ham noayonlik, mubhamlik bor: agar qachondir kesishar ekan, bularning nimasi parallel? Buning ustiga, aslini olganda qayda u cheksizlik?.. Qachon keladi u?.. Qachon yetamiz unga?.. Agar, biz yaqinlashgan sayin cheksizlik uzoqlashaverarkan, qachonlardir uni quvib yetishga ishonch bo‘lishi mumkinmi?..

Abduqayum Yo‘ldoshev

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring