Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi tugatildi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi tugatildi

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi. 

Farmon bilan oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi tugatildi va uning barcha huquq va majburiyatlari Vazirlikka o‘tdi.

Vazirlik oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi bo‘yicha yagona davlat siyosatini, shuningdek oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayoniga tashkiliy va metodik rahbarlikni amalga oshirish yuzasidan vakolatli davlat organi etib belgilandi.

2019-yil 1-avgustdan boshlab yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Vazirlik boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim baravar miqdorida qo‘llanadi;

 Vazirlik markaziy apparatining:
- fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga – 30 foiz;

- fan doktori yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga – 35 foiz ustamalar belgilanadi.

Vazirlikning markaziy apparati xodimlari oylik lavozim maoshiga oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida xizmat qilgan umumiy ish staji uchun 3 yildan 5 yilgacha – 10 foiz, 5 yildan 10 yilgacha – 20 foiz, 10 yildan 20 yilgacha – 30 foiz, 20 yildan ortiq – 40 foiz oylik ustamalar to‘lanadi.

2019-2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari rektorlari, kasb-hunar ta’limi muassasalari direktorlari bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda:

- xorijiy fuqarolarni o‘qitish uchun oliy va kasb-hunar ta’limi muassasalarida alohida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari, kasblar va mutaxassisliklar ochish, ularni o‘qitish tili hamda akademik guruh shakllantirish uchun zarur talabalar (o‘quvchilar) sonini belgilaydi;

- kasb-hunar ta’limi muassasalarida kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olish istagida bo‘lgan xorijiy fuqarolarni o‘qitish muddati, davomiyligi va ularni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring