Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliyhimmat ritsar, mukofot, judolik va alamlar iskanjasi

Oliyhimmat ritsar, mukofot, judolik va alamlar iskanjasi

Rabindranat Tagor – mashhur hind yozuvchisi, shoir, bastakor, musavvir, jamoat arbobi. Uning ijodiy faoliyati Bengaliya adabiyoti va musiqasini o‘zaro uyg‘unlashtirgan. Tagor yevropalik bo‘lmaganlar orasida birinchi bo‘lib adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Uning asarlari asosida filmlar ham suratga olingan. Jumladan, o‘zbek kinoustalari tomonidan «Halokat» romani asosida to‘la metrajli badiiy film ishlangan.

O‘n to‘rtinchi

1861 yil 6 mayda shimoliy Kalkuttada yashovchi Debegdranatx Tagor va Sharad Devi oilasida o‘n to‘rtinchi farzand dunyoga keldi. Unga Rabindranat deb ism qo‘ydilar. Bolakay oilada kenja farzand bo‘lib qoldi.

Tagorlar oilasi taniqli edi. Ular yirik zamindor bo‘lib, uylariga yetuk yozuvchilar, musiqa ustalari va jamoat arboblari kelib turishardi. Oila boshlig‘i braxman – oliy tabaqa, kohinlarga mansub kishi sifatida Hindistonning muqaddas qadamjolarini ziyorat qilib turardi.

Rabindranatning katti akasi Dvijendranatx matematik, shoir hamda musiqachi edi. Boshqa akalari Dijendranatx va Jotirindranatx taniqli falasuf, shoir va dramaturg bo‘lishgan. Tagorlarning qarindoshi Obonindranatx esa zamonaviy bengal rassomchiligi maktabi asoschilaridan biriga aylandi.

Besh yoshida Rabindranatni Sharqiy seminariyaga berdilar, keyin esa oddiy maktabga o‘tkazdilar. Shu bois Tagor maktab mashg‘ulotlaridan ko‘ra o‘zlarining maskanida sayr qilib yurishni yoqtirardi.

Tagor 8 yoshidan she’rlar yoza boshlagan. 1873 yil 14 fevralida esa 11 yoshli Tagor Kalkuttani tark etib, otasi bilan bir necha oylik sayohatga chiqdi. Ular o‘zlariga tegishli go‘sha – Shantiniketenda bo‘ldilar, Amritsarda to‘xtadilar. Tarix, arifmetika, ingliz va sanskrit tillari bo‘yicha uyda yaxshi ta’lim olgan Rabindranat Kalidasi ijodi bilan yaqindan tanishdi. Onasi vafot etganida u hali o‘smir edi.

Ajabo, o‘n to‘rtinchi farzand ayni 14 yoshda volidasidan judo bo‘ldi.

Huquq... kerak emas

Rabindranat Tagorning ilk novella va dramalari 16 yoshida yozilgan. U she’riy namunalarini Quyoshli Arslon taxallusi bilan chop ettirardi.

1878 yili Tagor Brayton (Sharqiy Susseks, Angliya)dagi jamoat maktabida o‘qiy boshladi. U Brayton va Xouvdan uncha uzoq bo‘lmagan Tagorlar oilasiga tegishli uyda turdi. Keyinroq yoniga jiyanlari – akasi Satendranatxning farzandlari Suren va Indira qo‘shildi. Ular onasi bilan birga kelishgandi.

«Esdaliklar»da Tagor shunday deb yozgan: «Biz bolaligimizda bengal tilida o‘qib o‘rganganimiz uchun ham yaxshi tarbiya olgandik... Ingliz tili zarurligini qanchalik uqtirishmasin, akam bengalchani yetkazish uchun qat’iy turardi».

Gumanizm, insonparvarlik va vatanga muhabbat ruhida tarbiyalangan Tagor Hindiston mustaqilligini yoqlab chiqdi.«Vishva Bxarati» universiteti va qishloq xo‘jaligi rekonstruksiya instituti Tagor tomonidan tashkil etilgan. Uning she’rlari bugungi kunda Hindiston va Bangladeshning madhiyasi hisoblanadi.

Tagor ijodi lirik she’rlar, esse, siyosiy hamda ijtimoiy-siyosiy mavzudagi romanlarni qamrab olgan. Mashhur asarlari – «Gitanjali» («Qurbonlik qo‘shiqlari»), «Tog‘», «Uy va dunyo» – adabiyotdagi lirizm, so‘zlashuv uslubi, naturalizm va o‘y-xayollar namunasidir.

Rabindranat Londondagi universitet kollejining huquq sohasida ham o‘qidi, biroq adabiyotga qiziqishi ustunlik qilib, bu ilmgohni tark etdi. Bengaliyaga hech qanday ta’lim olmay qaytdi. Ammo Angliya bilan tanishuv Bengaliya musiqasi, she’ri va dramalarini dunyoga keltirishi, yangi timsollar yaratishiga turtki berdi. Tagor umri mobaynida Britaniya tomonidan bo‘ladigan tanqidlarni ham, oilaviy mustahkam an’analarni ham inobatga olmadi.

Uylanish, oilaviy taqinchoqlar

1883 yilning 9 dekabrida Rabindranat Mrinalini Deviga uylandi. Ularning har ikkisi ham braxman-pirallar xonadoniga mansub edi.

Oilada besh nafar farzand tug‘ildi: qizlar – Madxurilata, Renuka, Mira va o‘g‘illar – Ratindranatx va Samindranatx. 1890 yili Tagorga Shilayxdagi ulkan mulk topshirildi. Xotini va farzandlari 1898 yili uning yoniga qo‘shildilar.

1890 yili Tagor eng mashhur asarlaridan biri – «Mahbubam timsoli» dostonlar to‘plamini chop ettirdi. U zamindor sifatida serhasham yassi kemada oilaviy mulki hisoblangan maskanlar bo‘ylab kezar, to‘lov yig‘ar, o‘zining sharafiga bayramlar uyushtirgan qishloqdoshlari bilan suhbat qurardi. Ana shu damlar Tagorning turkum asarlar yozishiga turtki berdi. Uch tomli «Galpaguchchxa»dagi sakson to‘rt hikoyaning yarmidan ko‘pi shu yillarda yaratildi. Mazkur hikoyalarda Bengaliyaning asosan qishloq hayoti badiiy istehzolar asnosida jiddiy ravishda qalamga olingan. XIX asr oxiri uning «Oltin qayiq» (1894) va «Lahza» (1900) qo‘shiqlar to‘plami va nazmi bilan tarixda qoldi.

1901 yili Tagor Shilaydaga qaytdi va Shantiniketanga ko‘chib o‘tdi. U yerda ashramga asos soldi. Ashram maxsus tajriba maktabi, marmar polli ibodat xonasi, bog‘lar, daraxtzor va kutubxonani o‘z ichiga olgandi.

1902 yili xotini vafot etgan Tagor ayriliqni chuqur his qildi. Bir yil muqaddam u rafiqasi bilan Kalkuttadagi maskanlardan birida qashshoq bolalar uchun maxsus maktab ochgan edi. Bu ilmgoh kattagina xarajat talab qilgan. Tagorning asarlari uchun olgan qalam haqi yetmagani bois, Mrinalini xonim o‘zining taqinchoqlarini sotib, pulini maktab ochilishiga topshirgan edi.

Afsuski, adibning judoligi faqat shu bilan tugamagan. 1903 yili Tagorning qizlaridan biri sil kasali bilan hayotdan ko‘z yumdi. 1905 yili esa Tagor otasidan ayrildi. 1907 yili shoirning kichkina o‘g‘li vabo tufayli vafot etdi.

Bu yillar davomida Tagor o‘ziga tegishli merosdan, qo‘shimcha ravishda Tripur maxarojasidan, shuningdek, oilaviy taqinchoqlar sotuvidan har oyda ma’lum miqdorda to‘lov va daromad olib turgan.

Mussolini bilan uchrashuv

Ijtimoiy hayot yozuvchi diqqat-e’tiboridan chetda qolmadi. Taniqli hind inqilobchisi Tilak mustamlakachi hukumat tomonidan hisbga olingach, Tagor uning himoyasi uchun oyoqqa qalqdi va mahbusga yordam berish maqsadida mablag‘ yig‘ishni tashkillashtirdi. Bengaliyani ajratib yuborish haqidagi Kerzon akti kuchli norozlikka sabab bo‘ldi, bu asosiy rahbarlaridan biri Tagor hisoblangan «Svadeshi» harakatida o‘z aksini topdi. Ayni shu damlarda uning vatanparvarlik ruhidagi «Oltin Bengaliya» va «Bengaliya zamini» qo‘shiqlari yozildi.

Akt kuchga kiradigan kuni esa Tagor tomonidan Rakxi-bondxon – Bengaliya birligi ramzini ifodalovchi bog‘ichlar almashtirilishi bo‘lib, unda hindlar va musulmonlar ishtirok etdi. Biroq «Svadeshi» inqilobiy kurashga bel bog‘laganida Tagor bu harakatdan chetga chiqdi. U ijtimoiy o‘zgarishlar xalqni ma’rifatli qilish, ko‘ngilli tashkilotlarni bunyod etish va mamlakat ishlab chiqarishini kengaytirish yo‘li bilan ro‘y berishi kerak, deb hisoblardi.

1910 yili Tagorning mashhur to‘plamlaridan biri «Gitanjali» («Qurbonlik qo‘shiqlari») nashr etildi. Shundan so‘ng uzoq sayohatga chiqdi. 1912 yili Yevropa, AQSh, London, Rossiya, Yaponiya va Xitoyda bo‘ldi. 1916 yil 3 maydan 1917 yil apreligacha Amerika va Yaponiyada ma’ruzalar o‘qib, millatchilikni tanqid qildi. Uning «Hindistondagi millatchilik» essesi tanqid bilan birga patsifistlar, jumladan, Romen Rollan tomonidan maqtovlarga ham sazovor bo‘ldi (patsifizm – har qanday urushlar, jumladan, milliy-ozodlik urushlariga ham qarshi chiqadigan, tinchlikni passiv ravishda targ‘ib qiladigan kishilar harakati).

Hindistonga qaytgan 63 yoshli Tagor Peru hukumati yuborgan taklifni qabul qildi. Keyin esa Meksikaga tashrif buyurdi. Har ikki davlat hukumatlari adib kelishi sharafiga uning Shantiniketandagi maktabi uchun 100.000 dollar miqdorida kredit berishdi.

1924 yil 6 noyabrda Buenos-Ayres (Argentina)ga tashrif buyurgan Tagor bir haftadan so‘ng og‘rib qoldi va Viktoriya Okampo taklifiga ko‘ra, Miralril villasiga joylashdi. Hindistonga bir yildan so‘ng yanvarda qaytdi. Tagor 1926 yilning 30 mayida Italiyaning Neapol shahrida bo‘ldi. 1 aprel kuni Rimda Benito Mussolini bilan suhbatlashdi. Ularning iliq munosabatlari o‘sha yilning 20 iyul kuni Tagorning ayovsiz tanqidi bilan yakun topdi.

Umuman aytganda, 1878 va 1932 yillar oralig‘ida Tagor beshta qit’adagi o‘ttizga yaqin mamlakatga tashrif buyurgan. Bu esa boshqa davlatlarning Tagor ijodi bilan tanishishiga imkoniyat yaratdi.

Mukofotlar shodasi

Tagor Londonga borganida ingliz tiliga o‘zi mustaqil tarjima qilgan she’rlarini do‘sti, britaniyalik rassom Uilyam Rotenshteynga ko‘rsatgan edi. Bu asarlar musavvirda katta taassurot qoldirdi. Rotenshteyn, Ezra Paund, Uilyam Yeyts va boshqalar ko‘magida «Hind jamiyati» 1913 yili Tagor mutarjimligidagi 103 ta she’rni e’lon qildi.

O‘sha yilning 14 noyabrida Tagor adabiyot sohasida Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. U Osiyoda birinchi bo‘lib mazkur nufuzli mukofot sovrindori bo‘ldi. Shvetsiya akademiyasi tomonidan «Gitanjali»ning bir qismi hamda boshqa asarlar tarjimasidagi idealizm ruhi, jozibali ifodalar yuksak baholandi. Akdemiya vakili Xarald Yerne so‘zlariga ko‘ra, Nobel qo‘mitasi a’zolarida, ayniqsa «Qurbonlik qo‘shiqlari» katta taassurot qoldirgan. Yerne, shuningdek, Tagorning nazmiy va nasriy boshqa asarlarini tilga olgan.

Nobel mukofoti pullari Tagor tomonidan Shantiniketan maktabiga xayriya qilindi. Shu tarzda mazkur ilmgoh yoshlarga bepul ta’lim beruvchi universitetga aylandi.

1915 yili Tagorga ritsar unvoni taqdim etildi. Bu nufuzli taqdirlanish edi. Biroq 1919 yili Amritsarda tinch aholi o‘qqa tutilgach, shoir bu unvondan voz kechdi.

Oradan ikki yil o‘tgach, Tagor do‘sti, ingliz agronomi va iqtisodchisi Leonard Elmxerst bilan Shantiniketandan olis bo‘lmagan Surulda qishloq xo‘jaligini rekonstruksiya qilish institutini ta’sis etdi. Ma’rifat yo‘li bilan «qishloqni nochorlik va jaholatdan xalos etish uchun» Tagorning butun dunyo bo‘ylab homiylar qidirishiga to‘g‘ri keldi.

Mikel Moramarko aytishicha, 1924 yili Shotlandiya oliy kengashi Tagorni nufuzli faxriy yorliq bilan mukofotlagan. Unga ko‘ra, Tagor Angliyada bo‘lganida masonlik tashkilotining a’zosi sifatida ko‘plab imtiyozlardan foydalanishi mumkin edi.

Achchiq ko‘z yoshlar

1930-yillarning boshida u kasta tizimi va «teginish mumkin bo‘lmagan» kishilar muammosiga jamoatchilik e’tiborini qaratdi. Tagorning sa’y-harakatlari zoye ketmadi. U ommaviy ma’ruzalar o‘qish hamda ijodiy faoliyati mobaynida bunday odamlarning Guruvayurdagi Krishna ibodatxonalariga kelishlari uchun ruxsat olishga erishdi.

Tagor uzoq sayohatlari natijasida insonni botinan bilish kerakligiga amin bo‘ldi. 1932 yili Iroq sahrosida badaviylar lagerida bo‘lganida unga hukmdor shunday murojaat qildi: «Bizning Payg‘ambarimiz aytganlarki, so‘zlari va xatti-harakatlaridan bitta ham inson aziyat chekmaydigan odam haqiqiy musulmondir».

Keyinroq Tagor o‘zining kundaligida quyidagi jumlani qayd etdi: «Men uning so‘zlarida botiniy insonparvarlikni anglay boshladim».

Tagor e’tiqodi mustahkam dinlarni o‘rgandi va 1934 yil 15 yanvarda Bixardagi zilzila tufayli minglab odamlarning o‘lishini kastalar kamsitilgani uchun yuqoridan berilgan jazo degan Gandidan o‘pkaladi.

U Kalkuttada qashshoqlik keng tarqalgani, Bengaliya ijtimoiy-iqtisodiy inqirozga yuz burgani bois achchiq ko‘z yoshi to‘kdi, bu jarayonlar xususida o‘zining qofiyasiz dostonida ming misra yozdi. Mazkur asar asosida Satyajit Rey film ham suratga olgan.

Tagor tomonidan o‘n besh tomdan iborat yana ko‘plab asarlar yaratildi. Ular orasida «Yana» (1932), «So‘nggi oktava» (1935) va «Yaproqlar» (1936) nasrdagi nazmiy asarlardir. Tagor tajriba tariqasida «Chitrangada» (1914), «Shyama» (1939) va «Chandalika» (1938) nomli nasriy qo‘shiqlar, shuningdek, raqs-pesalar ham yozdi. Uning «Dui Bon» (1933), «Malancha» (1934) va «To‘rt qism» romanlari yanada mashhur bo‘ldi.

So‘nggi nafas

Umrining nihoyalarida yozuvchini ilm-fan qiziqtirdi. U «Bizning koinot» esselar to‘plamini chop ettirdi. Biologiya, fizika va astronomiyadagi izlanishlari keng naturalizmni o‘zida jo etgan, ilm-fan qonunlariga hurmatini ifodalagan she’rlarida aks etdi. Tagor ilmiy jarayonda qatnashib, olimlar haqida hikoyalar ham yozdi.

Oxirgi to‘rt yil mobaynida Tagor surunkali og‘riqlar va uzoq davom etgan ikki kasallikni boshdan kechirdi. Bu 1937 yili adib hushidan ketib, hayot va o‘lim oralig‘ida ancha vaqt koma holatida yotganida yuz berdi. Sog‘ayib ketganidan so‘ng, 1940 yilning oxirida mazkur  jarayon yana takrorlandi.

Hind matematigi, professor P.Ch.Maxalonbis eslashicha, Tagor natsistlar Germaniyasi va Rossiya o‘rtasidagi urushdan qattiq tashvishga tushgan, frontdagi axborot bilan qiziqqan, umri shomida esa fashistlar ustidan g‘alaba qozonilishiga qat’iy ishonishini ta’kidlagan. Shoirning o‘sha paytda yozgan mohirona she’rlarida o‘limdan tashvishlangani ham aks etgan.

1941 yili sakson yoshni to‘ldirgan kuni Tagor Shantiniketanda «Tamaddun inqirozi» nomli ma’ruzasini o‘qidi. 25 iyul kuni uni og‘ir ahvolda Kalkuttaga olib kelishdi.

Rabindranat Tagor uzoq muddatli kasallikdan so‘ng 1941 yilning 7 avgust kuni Jorasanko maskanida hayotdan ko‘z yumdi. Uni so‘nggi marta tirik ko‘rgan kishi shoir tilidan dostonini yozib olayotgan Amiya Kumar Sen hisoblanadi. Keyinroq Kumar Senning ushbu qoralamasi Kalkuttadagi muzeyga topshirildi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring