Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olmazor tumanida G‘alaba bog‘i barpo etiladi

Olmazor tumanida G‘alaba bog‘i barpo etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni Olmazor tumanida bo‘lib, bu yerda barpo etiladigan G‘alaba bog‘i yuzasidan ko‘rsatmalar berdi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Ma’lumki, O‘zbekiston xalqi Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga katta hissa qo‘shgan. Shu bois yurtimizda ushbu tarixiy sananing 75 yilligini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xususan, poytaxtimizning Olmazor tumanida G‘alaba bog‘ini barpo etish rejalashtirilgan.

– Bu bog‘ xalqimizning G‘alabaga qo‘shgan hissasini namoyon etishi, ota-bobolarimizning qahramonligini abadiylashtirishi kerak. Bu yerda Ikkinchi jahon urushi muhiti, vatandoshlarimiz qatnashgan janglar haqida ma’lumotlar aks etishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Loyihaga muvofiq, boqqa kirishda ramziy darvoza shaklida G‘alaba arkasi bunyod etiladi. Bog‘da urush davri manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan kompozitsion majmualar quriladi. O‘sha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi ochiq osmon ostidagi muzey vazifasini o‘taydi. Shuningdek, muzey, kutubxona, Wi-Fi zona, amfiteatr va kinoteatr tashkil etiladi.

O‘zbek ayolining matonati timsoli sifatida Zulfiya aya Zokirova, uning urushdan qaytmagan besh farzandi hamda beva qolgan to‘rt kelini xotirasiga bag‘ishlangan «Matonat madhiyasi» yodgorlik majmuasi o‘rnatiladi.

Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Toshkent shahar hokimligiga tarixchilar va jamoatchilik bilan maslahatlashib, G‘alaba bog‘ining konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

– Bog‘ning ma’no-mazmuni, ekspozitsiyasini chuqur o‘ylash kerak. U faqat bayram kunlari emas, yil davomida ishlaydigan bo‘lsin. Bu yerga kelgan yoshlar o‘ziga bilim, ruh olsin, g‘urur-iftixor tuysin, bugungi tinchlikning qadriga yetib, vatanparvar bo‘lib ulg‘aysin, – dedi Prezident.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring