Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘qib ko‘ring, qo‘rqinchli narsa-ku bu!» — taniqli iqtisodchi muhim masalaga e’tibor qaratdi

«O‘qib ko‘ring, qo‘rqinchli narsa-ku bu!» — taniqli iqtisodchi muhim masalaga e’tibor qaratdi

Foto: Xabar.uz

AQShda faoliyat yuritayotgan taniqli iqtisodchi, professor Botir Qobilov jamiyatda jinsiy zo‘ravonlikning bir turi — shilqimlik uchun jazoni kuchaytirishni taklif qildi. 

Bir necha kuni oldin Kun.uz nashri Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 28 yoshli shaxs ayni shu huquqbuzarlik sabab jazoga tortilgani haqida xabar bergandi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1997-yilda tug‘ilgan M.M. Shayxontohur tumani Xadra mahallasidagi xonadonini yosh oilaga ijaraga bergan. U 2025-yil 8-noyabr kuni soat 10:00 larda oila boshlig‘i ishda ekanini bilgan holda suv hisoblagichning ko‘rsatkichlarini ko‘rish bahonasida xonadonga borgan. Uyga kirib, ayolga shilqimlik qilgan. Ijarachi kelin qo‘liga pichoq olgan holda iffatini himoya qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining 2025-yil 26-noyabrdagi qarori bilan M.M. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan va unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Iqtisodchi Botir Qobilovning fikricha, 5 sutkalik jazo juda ham kam hisoblanadi.

«Bunday ishlar uchun 5 sutka juda va juda kam deb o‘ylayman. Aslida, jazoga ham o‘xshamaydi, “samosud”ning oldini olish uchun jinoyatchi 5 kun himoyaga olingandek. Nahotki O‘zbekistonda jinsiy zo‘ravonlikning bunday turi jiddiy jazolanmaydi deb o‘ylab qoldim va to‘g‘risi, qo‘rqib ketdim... Uy-joy masalasi haqida gapiramiz, lekin ijarada turgan va yaqinda turmushga chiqqan ayolning eri ishga ketganda bittasi uyiga aldab va bostirib kirib kuch ishlatib, bir joyidan ushlab jinsiy aloqa qilmoqchi bo‘lgani, o‘pmoqchi bo‘lgani va ayol pichoq bilan o‘zini himoya qilishga majbur bo‘lgani va natijada jinoyatchi ma’muriy kodeks bilan 5 sutkaga qamalgani meni xavotirga solmoqda. O‘qib ko‘ring, qo‘rqinchli narsa-ku bu», — deb yozdi B.Qobilov Telegramdagi sahifasida.

Uning ta’kidlashicha, jinsiy tegajoqlik qonun bilan shafqatsiz jazolanishi kerak.

«Nafsini, boshqa joyini tiya olmasa ular qamoqda uzoq muddat o‘tirishi kerak, 5 kun 3 mahal ovqatlanib chiqmasdan. Bir tiyinga qimmat ularning televizor oldidagi uzrlari va uyalishlari. Qonun va jazo shunday bo‘lishi kerakki, potensial jinoyatchilar o‘zlarini tiyishlari, jinoyatlarning esa oldi olinishi kerak. Aks holda, joriy jazolar potensial jinsiy jinoyatchilar uchun o‘ta yumshoq signal yubormoqda. Qancha ayol-qizlar jinsiy teginishlarga, zo‘ravonliklarga duch kelishadi, buni Xudo biladi. Jamoat transportida ham, o‘z uyida ham, ko‘chada va ishda ham va umuman istalgan joyda ayol-qizlarimiz o‘zlarini o‘ta xavfsiz his qilishlari kerak. Xavfsizlik — davlatning birinchi vazifasi», — deb ta’kidlaydi Botir Qobilov.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda shilqimlik, jinsiy tegajog‘lik kabi huquqbuzarliklar ko‘payayotgani, ushbu xatti-harakatni sodir etganlar aksar hollarda yengil jazo bilan qutulayotgani aytib kelinadi.

Avval xabar berganimizdek, bir necha oy avval Marg‘ilon shahridagi mahallalardan birining raisi bo‘lgan erkak yosh qizga shahvoniy shilqimlik qilgani ortidan 4 sutkaga qamalgandi.

Oldinroq Toshkent shahrida 9 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan konduktorga 5 sutka ma’muriy qamoq tayinlangandi.

Ochiq axborot manbalariga qaraganda, O‘zbekistonda 2025 yilning 8 oyida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi asosida (shahvoniy shilqimlik qilish) 1 450 nafar shaxs sudlangan. Ularning 969 nafariga qamoq, 481 nafariga esa jarima jazosi tayinlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring