Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘qituvchi, o‘quvchi yoxud zo‘ravonlik tarbiyachi va bola o‘rtasidagi hissiy aloqani buzishi haqida...

O‘qituvchi, o‘quvchi yoxud zo‘ravonlik tarbiyachi va bola o‘rtasidagi hissiy aloqani buzishi haqida...

foto: internet, ochiq manba

«Ko‘pchilik maktab davriga qaytgisi keladi, eslaysanmi maktabda tiqilinchda ko‘zingda yosh aylanganini, sinfdoshlaring turli gaplari bilan o‘zingdan chiqarganini, ertalab uyqudan umuman turishni xoxlamaganingni-chi? O‘zingni o‘zing otib tashlashni istaganingni eslaysanmi, sinfdoshlaringni, yangi o‘qituvchingning baqir-chaqirlari tufayli uni ham otib tashlashni orzu qilganingni-chi. Miyangdan «Kolumbayn» tragediyasi ketmagandi» (1999-yilda Amerikadagi  maktablarning biridagi o‘smir bolalar bilan bog‘liq fojea)

Bu men juda yaxshi taniydigan o‘smir qizaloqning kechinmalari edi. Ha doimo kulib yuradigan, maktabidan shikoyat qilmagan, a’lochi, har doim o‘qituvchilari tomonidan tartibliligi, odobliligi tufayli oilasidagilarga faxr keltiradigan qizning o‘smir yoshida yozilgan kechinmalari. Bu yozganini menga telegram orqali uzatganida qancha payt qotib o‘tirganimni, uning yozganlarini necha bor o‘qiganimni bilmayman

Shu vaqt oralig‘ida juda ko‘p narsalar ko‘nglimdan o‘tdi, biz farzandlarimizning qalbidan o‘tayotganlarini nechog‘lik anglaymiz yoki ularni eshitishga harakat qilamiz?

Tez-tez o‘qituvchilar bolalarni urgani haqidagi xabarlarga ko‘zim tushadi.  Shunday paytda ko‘pchilik o‘qituvchini oqlaydi. Men esa doimo o‘quvchilarni o‘ylayman. Ular ham qalbi to‘la alam, g‘azab, chorasizlik bo‘lsa-da uyiga kulib kirib borar, ularam ko‘nglidagini hech kimga aytmas, ammo ko‘nglidan necha bor KOLUMBAYN tragediyasi o‘tayotgandir...

 Bu haqda tadqiqotlar nima deydi?

Sakkiz yil davomida Biyelefeld universitetida psixolog Tobias Xekker boshchiligidagi guruh o‘zlarini Afrikaning sharqiy qismida, shu jumladan Tanzaniyada bolalar ta’limida zo‘ravonlikni tadqiq qilish va oldini olishga bag‘ishladi. Bir tadqiqotda tadqiqotchilar Tanzaniya boshlang‘ich maktablarida o‘quvchilar, ota-onalar va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdilar. O‘qituvchilarning 96 foizi so‘rovdan bir oy oldin o‘quvchilarga nisbatan jismoniy yoki hissiy zo‘ravonlikning kamida bitta shaklini qo‘llaganliklarini bildirishgan.

So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar bolalar tomonidan boshdan kechirilgan zo‘ravonlik va psixologik muammolar o‘rtasida bevosita bog‘liqlik borligini ko‘rsatdi. Bolalar o‘qituvchilari va ota-onalari tomonidan qanchalik ko‘p zo‘ravonlikka duchor bo‘lishsa, ular ruhiy tushkunlik yoki ijtimoiy chekinish kabi hissiy muammolarni va tajovuzkorlik yoki giperaktivlik kabi xulq-atvor muammolarini ko‘rsatishi mumkin. Psixologik stress bolaning diqqatini jamlashni va o‘rganishni qiyinlashtiradi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, zo‘ravonlikni ma’qullash va qabul qilish, boshqa narsalar qatori, o‘qituvchilarning bolalik davrida boshdan kechirganlari bilan izohlanishi mumkin. Ko‘pchilik xuddi shunday zo‘ravonlik amaliyotiga duchor bo‘lgan va jismoniy jazo odatiy deb hisoblangan ijtimoiy muhitda o‘sgan. Tadqiqot ishtirokchilaridan biri shunday deydi: «Ustozlarim tomonidan kaltaklanganlar, ular haqida his qilgan va o‘ylaganlarim haqida o‘ylash o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. O‘quvchini kaltaklash fikrining o‘zi darhol  ustozim tomonidan kaltaklanganimda his qilgan g‘azab, umidsizlik va nafratni yuzaga chiqaradi.»

O‘quvchilarning his-tuyg‘ulari nima deydi?

Afrikalik akademiklar bilan birgalikda Xekker jamoasi zo‘ravon jazolovchilardan foydalanishning asosiy sabablarini ko‘rib chiquvchi o‘qituvchilar uchun trening dasturini ishlab chiqdi.

Ishtirokchi maktablar Tanzaniya va Ugandaning shahar va qishloq joylaridagi boshlang‘ich va o‘rta maktablar edi. Seminarga o‘qituvchilar katta qiziqish bildirishdi va ishtirokchilarning katta qismi yuqori motivatsiyaga ega bo‘ldi. Dastur Tanzaniya va Ugandadagi o‘rta maktablarda amalga oshirilgan va baholangan dastlabki ikkita tadqiqot umid beruvchi natijalarni berdi.

Ishtirokchi o‘qituvchilar zo‘ravonlikka bo‘lgan munosabati o‘zgargani va keyinchalik ular o‘quvchilarga nisbatan kamroq jismoniy va hissiy zo‘ravonlik qo‘llaganliklarini aytishdi. Ishtirokchilardan biri shunday dedi: «Men shogirdlarimda paydo bo‘lgan his-tuyg‘ular haqida hech qachon o‘ylamaganman. Lekin ular mendan nafratlanishlarini, qasos olishni xohlashlarini, mendan qo‘rqishlarini va endi hurmat qilmasliklarini bilish – bu dahshatli fikr va hech qachon, hech qachon men xohlagan narsa emas».

«Mutaxassislar o‘rtasida aniq konsensus, ya’ni yakdil qaror shuki, kaltaklash zararli, – deydi Michigan universitetining dotsenti Endryu Grogan-Kaylor – aniq ishonib ayta olamanki, kaltaklash tarbiyachi va bola o‘rtasidagi hissiy aloqani buzadi».

Ostindagi Texas universiteti dotsenti Grogan-Kaylor va Elizabet Gersxoff kaltaklashning bolalarga qanday ta’sir qilishini aniqlash uchun so‘nggi 50 yil ichida chop etilgan va 160 927 bola ishtirok etgan kaltaklash bo‘yicha oldingi tadqiqotlarni tahlil qilishdi.

Ularning meta-tahlillari kaltaklash bolaning xatti-harakati yaxshilanishi bilan bog‘liqligi haqida hech qanday dalil topmadi, aksincha, kaltaklash 13 ta zararli oqibatlarning ortishi xavfi bilan bog‘liqligini aniqladi.

Bizda-chi?

Afsuski, har doim o‘qituvchi va bola o‘rtasidagi ziddiyat haqida biror hodisa bo‘lsa ikkiga bo‘linish kuzatiladi. Ko‘pchilik bolani urib to‘g‘ri qilibdi, bizniyam urishgan o‘lmadik, odam bo‘ldik, deb go‘yoki shu bilan o‘qituvchilariga, ustozlariga o‘z mehrlarini, hurmatlarini ko‘rsatishadi. Ammo afsuski bizda aynan shu o‘qituvchisi urganida o‘lmay qolgan yoki odam bo‘lgan kattalarning psixologiyasini, hayotini kuzatish tadqiqotlari yo‘q. Balki ular agar o‘qituvchilari kaltaklamay do‘stona munosabatda bo‘lganlarida o‘zlariga ishonchi yanayam yuqori va boshqacharoq natijalarga erishayotgan bo‘lisharmidi? Eng bo‘lmaganda zo‘ravonlikni yoqlashmasmidi?

Kuni kecha taniqli shoirlarimizdan biri shunday aytayapti: Bolamni o‘qituvchisi uribdi, besh panjaning izi turibdi yuzida, nima qilding, deb o‘g‘limdan so‘rasam aytmadi... Keyin shoir o‘sha o‘qituvchining uyiga boradi va o‘qituvchining rangi oqarganini ko‘rib unga rahmi keladi. O‘g‘li kechirim so‘rashi uchun uning qulog‘ini shu qadar buraydiki, tomirlari chiqib ketadi. Va katta odamlar, ya’ni o‘qituvchi va ota bolani egilganidan, kechirim so‘raganidan nafslari orom oladi. Afsuski, yana o‘sha gap, urib-tepilib katta bo‘lganlar shoirga raxmat aytayapti. Ammo bola-chi, uning ko‘nglidan nimalar o‘tdi, nimalar sindi. Bu hech kimni qiziqtirayotgani yo‘q. Battar bo‘lsin deganlar ham bor. O‘smir yigitchaga dushmanlik, bolaga dushmanlik bunchalar katta bu kattalarda... Xuddi shu mazmunda qo‘yilgan postimga yozilgan ba’zi izohlar...

Gulnora Rahmonova, rassom:

Barcha fikrlaringizga yuz foiz qo‘shilaman. Biz kaltak yeb o‘qigan avlodmiz. O‘zim erishishim mumkin bo‘lgan balandliklarga ichimdagi hadik va qo‘rquv tufayli erisholmadim, deb hisoblayman.

Muhayyo Rustam qizi:

152-maktabda Larisa degan (o‘qituvchi degim kelmayapti) bittasi bor. Qizimni sinf fondi bermagani uchun o‘quvchilarning oldida doskaga chiqarib rosa mulzam qilgan, oylab o‘quvchilarni qizimning ustidan kuldirtirgan, biror o‘quvchini qizim bilan salomlashishiga ham qo‘ymagan. Kamiga doskaga chiqarib qo‘yib, o‘quvchilarga masxaralatgan ekan. Oilaviy ahvolimiz o‘sha paytda yaxshi bo‘lmaganligi va o‘sha kunlarda sog‘ligim yomonligi uchun qizim bizga aytmagan, yig‘lab, ichiga yutib yuravergan. Hali-hamon nafrat bilan eslaydi. Oylab davom etgan tahqirlashdan keyin qizimni boshqa sinfga o‘tkazganman. Bu o‘qituvchida ko‘p o‘qimadi qizim, lekin ozgina fursatda ham shu ustoziga mehri tushgan ekan. O‘sha Larisa keyin ham o‘quvchilariga shu qiz bilan gaplashmaysizlar, ko‘chada ko‘rsanglar masxaralanglar degan. Boshqa maktabga ketib qutulgan – bu to‘g‘rida albatta, bir maqola qilaman.

 Milla Ferarra:

Hayotda nimaga erishmagan bo‘lsam, qanday jarohatlarim va qo‘rquvlarim bo‘lsa bu hammasi ota-onamning zo‘ravonligi sabab! Tahqirlashlar sabab o‘zimni hech kim emasman, deb hisoblaganman, intilmaganman, menga shuyam bo‘laveradi, deb o‘ylaganman.

Urib, kaltaklab katta qilganlarni turqiga qaragim kelmaydi.

Muhabbat Asanbaeva:

Qizim 10 sinfda o‘qiydi. Algebra ustozidan bezillaydi, nega desam mavzudan tushunmagan joyini so‘rashsa shunaqa baqirar ekan o‘quvchilarga. Direktorning  xabari bor, lekin jim...

Atrofimizda o‘quvchilarini urmaydigan chin o‘qituvchilar bor. Ular o‘qitgan yigit-qizlar bugun hayotda o‘z yo‘llarini topishgan. Bolalar bilan do‘st bo‘lib ularning qalbiga yo‘l topa olishni uddalagan chin ustozlar bor. Aynan shular tarbiyalagan yoshlar bugun zo‘ravonlikni oqlamaydi, o‘ziga boshqalarga qaraganda ishonchi balandroq...

Pedagog V.Suxomlinskiyning mana bu qimmatli fikrlarini afsuski ba’zi ota-onalarni qo‘ya turaylik ko‘pgina o‘qituvchilar umrida o‘qib ham ko‘rmagani alohida mavzu:

«Bolaning qalbini hech narsa haqoratchalik dag‘allashtirib, uni mehr-shafqatsiz qilib qo‘yolmaydi. Haqorat – insonning nozik tabiatidagi dag‘alligini, ba’zan esa vahshiyona qiliqlarini qo‘zg‘atadi. Pedagogik madaniyatsizlikning bu sira toqat qilib bo‘lmaydigan belgisi – haqoratlash yo‘qotilmas ekan, voyaga yetmagan bolalar va yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikni tugata olmaymiz.»

                                                               Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring