Adliya vazirligi o‘qituvchilar maoshidan 500 ming so‘mdan ushlab qolinish holati yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vazirligi tomonidan o‘qituvchilar maoshidan 500 ming so‘mdan ushlab qolinishi holati yuzasidan Amudaryo tumanida o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, Amudaryo tuman hokimligi tomonidan tumandagi budjet tashkilotlari ishchi xodimlarining tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi hamda maishiy chiqindi to‘lovlari bo‘yicha 2019 yil fevral oyi uchun reja tasdiqlangan. Unga ko‘ra, halq ta’limi bo‘limiga kommunal to‘lovlar uchun 600 mln. so‘mlik majburiy reja belgilab berilgan.
Shu sababli, tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tumandagi 82 ta umumta’lim maktabida ishlovchi 3 288 nafar xodimning ish haqidan jami 440 mln. so‘mlik pul mablag‘lari ushlab qolingan.
Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan maktablar xodimlarining ish haqlaridan kommunal to‘lovlar uchun ushlab qolishda «Tashkilotlar va muassasalar tomonidan o‘z xodimlaridan kommunal xizmatlar uchun haqni ish haqidan ushlab qolish ko‘rinishida qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizom (ro‘yxat raqami 1031, 2001 yil 15 may) talablariga rioya qilinmagan.
Nizomga ko‘ra, tashkilotlar kommunal xizmatlar uchun ish haqidan ushlanmalarni xodimlarning yozma roziligi bilan ushlab qolishi shart. Biroq, kommunal to‘lov uchun oylik ish haqi ushlab qolingan 783 nafar xodimdan rozilik arizasi olinmagan va jami 118 mln. so‘m mablag‘ kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar hisobvarag‘iga o‘tkazib berilgan.
Shuningdek, nizomning 3-bandida kommunal xizmatlar uchun ish haqidan ushlanma to‘g‘risidagi arizada xodim o‘z shaxsiy hisobvarag‘i, kommunal xizmatlar qiymati va turi, kommunal tashkilot rekvizitlari va ushlanma amalga oshirilishi zarur bo‘lgan davrni ko‘rsatishi kerakligi belgilangan.
Shunga qaramay kommunal to‘lov uchun ushlab qolingan 2 016 nafar xodimdan olingan arizalarda shaxsiy hisob raqami, to‘lanayotgan davr, kommunal xizmatlar qiymati va turi ko‘rsatilmasdan jami 256 mln. so‘m mablag‘ ushlab qolingan.
Aniqlik kiritilishicha, 489 nafar xodimning (65 mln. so‘mlik) pul mablag‘ini ushlab qolishdagina nizom talablariga rioya qilingan.
«O‘rganish natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va bunga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan intizomiy chora ko‘rish haqida 2019 yil 9 fevral kuni Amudaryo tuman hokimligi va xalq ta’limi bo‘limiga taqdimnoma kiritilib, ijrosi nazoratga olindi. Har bir fuqaro mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va bu uchun adolatli haq olish huquqiga egadir. Xodimlarning ish haqidan ushlanmalar faqat ularning roziligi bilan yoki sud qarori asosida ushlab qolinishi mumkin. Boshqa asoslarga ko‘ra, ularning ish haqining ma’lum qismini ushlab qolishga yo‘l qo‘yilmaydi»,-deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, ish haqidan noqonuniy pul ushlab qolish yoki ish haqining ma’lum qismini o‘tkazib berishga majburlanish holatlari yuz bersa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vazirligi inson huquqlarini himoya qilish bo‘limiga (tel.: 61-223-71-93) yoki qoraqalqoq@minjust.gov.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilish so‘ralmoqda.
Avvalroq ushbu holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ham tekshiruv o‘tkazilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter