O‘quv va kasbga tayyorlash markazlariga so‘nggi yillarda 100 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berildi

«Bir narsani aniq tushunib olish zarur. Bolaning yomoni bo‘lmaydi. Ularga kattalarning mehri, imkoniyatlarini namoyon qilish uchun sharoit, o‘ziga ishonch bo‘lishi uchun motivatsiya kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Misol uchun, Tadbirkorlik jamoatchilik kengashi a’zolari — 108 nafar «chempion» tadbirkor o‘zlarining 308 ta korxonasi atrofidagi maktablarga borib, yuqori sinf o‘quvchilarini kasbga qiziqtirayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Eng muhimi, bu o‘quvchilarning aksariyati kelajakda hayotini qaysi kasbga bog‘lash haqida aniq tasavvurga ega bo‘lmoqda.
«Bunday tashabbuskor, fidoyi, vatanparvar tadbirkorlar — mening qanotlarim.
Ayting, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasbga yetaklash, ishli va daromadli qilish uchun sizlarga yana qanday sharoit qilib beray?
Katta-katta tadbirkorlarimiz hokimlar bilan uchrashib, takliflarini tez kunda shakllantirib bersalar, bularni barchasini ko‘rib chiqishga tayyorman», — dedi Prezident.
Respublika bo‘yicha 15 mingga yaqin o‘quv va 7,5 mingta kasbga tayyorlash markazlari mavjud. So‘nggi yillarda ularga 100 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berildi.
Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari ushbu markazlarga ham murojaat qilib, hozirgi ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmaslikka, kengayishga, zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlarni ko‘paytirishga chaqirdi, buning uchun har qanday sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.
Viloyat, tuman hokimlari har bir bolaga o‘z farzandidek qarab, sog‘lig‘i, o‘qishi, yurish-turishi, qiziqish va orzulari, muammolaridan doim xabardor bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ular yoshlar bilan doimiy muloqot platformasini yo‘lga qo‘yib, maktab, oliygoh, o‘quv va kasb markazlari, tadbirkorlarni boshini qovushtirib, yoshlarga ko‘maklashadigan tizim qilsa, albatta natija bo‘lishi ta’kidlandi.
«Bu ishlar “kampaniyabozlik” bo‘lmasligi, o‘zgarishlarni har bir mahalladagi har bir yosh har kuni chuqur his qilishi zarur.
Ana shunda Yangi O‘zbekistonda ta’lim olmagan, ishsiz, kasb egallamagan, bir so‘z bilan aytganda, uyushmagan yoshlar degan tushunchalarning o‘zi qolmaydi!», — dedi Prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter