Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘rgimchak to‘ri»: Ukraina dronlari Rossiyaning 40 dan ortiq harbiy samolyotini yo‘q qilgan

«O‘rgimchak to‘ri»: Ukraina dronlari Rossiyaning 40 dan ortiq harbiy samolyotini yo‘q qilgan

1-iyun, yakshanba kuni Ukraina xavfsizlik xizmati bir yarim yildan buyon tayyorlab kelingan «O‘rgimchak to‘ri» maxsus operatsiyasini amalga oshirdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum natijasida Rossiyaning 41 ta strategik aviatsiya samolyoti yo‘q qilingan.

Rossiya Mudofaa vazirligi bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Ukraina dronlari Murmansk, Irkutsk, Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlaridagi beshta aerodromga hujum qilgan. Idora hujum ko‘lami va yetkazilgan zarar haqida ma’lumot bermagan.

Biroq, Ukraina Xavfsizlik xizmati maxsus operatsiya oqibatida yetkazilgan zarar Rossiya tomoniga 7 mlrd AQSh dollariga tushishini yozgan. Ukraina tomonining qayd etishicha, Rossiyaning asosiy aerodromlarida joylashgan strategik qanotli raketa tashuvchilarining 34 foiziga zarar yetkazilgan.

Maxsus operatsiyadan so‘ng murojaat bilan chiqqan Zelenskiy Rossiya aerodromlariga hujumni rasmiy ravishda tasdiqlab, «mutlaqo ajoyib natija» ekanligini aytdi.

«Bu Ukraina tomonidan mustaqil tarzda amalga oshirilgan harakat. Buni rejalashtirish boshlanganidan samarali amalga oshirilishigacha bir yil, olti oy va to‘qqiz kun o‘tdi. «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasini tayyorlagan odamlarimizni Rossiya hududidan o‘z vaqtida olib chiqib ketdik», – deydi Ukraina prezidenti.

U, shuningdek, Rossiyadagi bombardimonchi samolyotlarga hujum bo‘yicha maxsus operatsiyani tayyorlash markazi aynan Rossiyada joylashganini ta’kidladi.

«Bizning operatsiyamiz shtabi Rossiya hududida, ularning viloyatlaridan biridagi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) boshqarmasi yonida joylashgan edi», – deydi Zelenskiy.

Ta’kidlanishicha, operatsiya davomida jami 117 dron ishlatilgan va ular operatorlar tomonidan masofadan turib boshqarilgan.

Ma’lumot uchun, operatsiya logistika nuqtai nazaridan nihoyatda murakkab bo‘lib, dastlab, FPV-dronlari yashirin ravishda Rossiyaga olib kelingan. Keyinchalik, ular belgilangan hududlardagi kichik yog‘och konteynerlarga joylashtirilgan. Operatsiyani amalga oshirish vaqti kelganda esa, konteynerlarning tomi masofadan turib ochilgan va dronlar Rossiya strategik bombardimonchi samolyotlarini yo‘q qilish uchun uchib ketgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring