Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘rmon bosqinchilari» — Buxoroda ekologiya xodimlari kaltaklandi

«O‘rmon bosqinchilari» — Buxoroda ekologiya xodimlari kaltaklandi

Foto: «Daryo»

Buxoroda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi xodimlari o‘rtasidagi janjal kelib chiqdi. Bu haqda surishtiruv olib borgan «Daryo» muxbirining yozishicha, ikki boshqarma xodimlari o‘rtasidagi janjal Jondor tumanining Varaxsha cho‘l massividagi Laylaktepa hududida sodir bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2021-yilning 28-yanvar kuni viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining 7 nafar xodimi Jondor tumanining Varaxsha cho‘l massividagi Laylaktepa hududiga chiqib, saksovul o‘simligini talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlarni aniqlash bo‘yicha reyd o‘tkazgan. Tungi reydda Jondor tuman o‘rmon xo‘jaligiga tegishli 2 ta «Niva» hamda 1 ta «Jiguli» avtomashinalarda o‘rmon xo‘jaligining o‘nga yaqin xodimi kelib, ekologiya xodimlari bilan janjallashib, ularni kaltaklagan va mashinalarga moddiy zarar yetkazgan.

Qayd etilishicha, o‘sha kuni soat 18:30 dan 19:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida ekologiya xodimlari tomonidan tashkil qilingan maxsus tadbirda o‘z shaxsiy avtomashinasida saksovul o‘simligini yashirin ravishda olib ketayotgan fuqaro qo‘lga olingan. Fuqarodan tushuntirish xatlari olinib, dalolatnoma tuzilgan va avtomashina jarima maydoniga joylashtirilgan.

«Biz reydga ikkita avtomashinada chiqqanmiz, biri boshqarmaga tegishli «Niva» bo‘lib, ikkinchisi inspeksiya xodimi D.B. boshqaruvidagi Lacetti edi. Biz taxminan soat 20:00 da saksovulni talon-toroj qilgan fuqaroning qing‘ir ishi bilan bog‘liq holatni yakunlab, reydni yana davom ettirish maqsadida yana Varaxsha cho‘l massividagi Laylaktepa hududiga qaytdik. Bu paytgacha bizni Jondor tumani o‘rmon xo‘jaligi uchastka boshlig‘i N.H. bir necha marta kuzatib ketdi. Soat 22:00 da bizning kutuv ob’yektimizga kutilmaganda 2 ta «Niva» va 1 ta «Jiguli» kelib to‘xtadi. Undan tushgan 10 ga yaqin kishi o‘zlarini o‘rmon xo‘jaligi xodimlari deb tanishtirdi. Avvaliga boshqarmamizga tegishli «Niva» haydovchisiga musht ko‘tardi. Har birining qo‘lida maxsus yasalgan tayoqlar va temir anjomlar bor edi. Biz esa bunday paytda mashinadan tushish yoki tushmaslikni bilmadik. To‘g‘risi, o‘zimizning himoyamiz uchun mashinalar eshigini qulflab, oynalarini ko‘tardik. Biroq ular xuddi qutirgan kimsalardek, Lacettining old oynasini chil-chil qilishdi. Qochishga majbur bo‘ldik. Ular 6 kishi edik, deyishyapti, aslida, ular 10 dan ortiq edi», — deydi viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi.

Jondor tuman o‘rmon xo‘jaligi xodimlarining qaltis harakatlari oqibatida ko‘ngilsizlik yuzaga kelgan. Ekologiya inspektori D.B.ning ko‘z va ko‘z atrofi, yuz qismlariga avtomashinasi oynasining zarb bilan sinib sochilishi sababli shisha siniqlari kirgan va qattiq jarohatlangan.

«Ko‘zlarimni ocholmayman, ko‘zlarim atrofidan qon oqyapti, og‘riq jonimdan o‘tayotganiga qaramay, shu jarohatlangan holda mashinani haydab qochib, jonimizni saqlab qolishga harakat qildik. Boshqarmamizga tegishli «Niva» boshqa tomonga, biz esa cho‘l ichiga qarab, mashinani ildamlatdik. 100—150 tezlikda haydayapman, bir tomondan qorong‘ulik, zim-ziyo, ikkinchi tomondan 3 ta mashina ikki tomondan qisib kelayapti. 60—65 kilometr masofagacha bizni ta’qib qilib kelishdi. Qo‘qqisdan mashinamiz cho‘l hududini kesib o‘tuvchi temir yo‘lga juda qattiq zarb bilan urildi. Shundan so‘ng bizni ta’qib qilib kelayotgan o‘rmon xo‘jaligi xodimlari ortga qaytib ketishdi va biz Jondor tuman IIBga bordik», — deydi D.B.

 

D.B.ga ko‘ra, u ikki kun davomida viloyat Ko‘z kasalliklari shifoxonasida davolangan. Ko‘zlaridan 6—7 dona shisha siniqlari chiqarib olingan. Ayni paytda ham u ko‘zlarining og‘ir jarohatlanganidan shikoyat qilmoqda. D.B.ning aytishicha, shifokor unga chap ko‘z gavharida shisha sinig‘i qolganini, uni olib tashlash ishlari poytaxtda yoki xorijda amalga oshirilishi mumkinligini bildirgan.

«Bizni kaltaklashgan kuni inspektorlar deb o‘ylashib, qo‘y-qo‘zilaridan xabar olgani borgan cho‘ponlar-u, mahalliy aholini ham qattiq urishgan. To‘g‘risi, bunday holat birinchi marta sodir bo‘lmayapti. Mayli, mening ko‘zimga Alloh shifo yo‘llar, avtomashinam tuzatilar. Ammo masala bunda emas. O‘rmon xo‘jaligi xodimlari tomonidan shaxsiy manfaatdorlik uchun cho‘l saksovullari sotib yuborilmoqda. Korrupsion holatlar avj olgan. Huquq-tartibot idoralari tomonidan bunday holatlar chuqur o‘rganilmas ekan, cho‘l hududidagi saksovul o‘simligi talon-toroj bo‘laveradi. Oqibat esa qum ko‘chishlar sodir bo‘lib, asta-sekin manzillar sho‘rxok tuproqlar ta’sirida qola boshlaydi», — deydi D.B.

D.B.ga ko‘ra, tergovga qadar surishtiruv davomida so‘roq qilinayotganlar orasida janjalda ishtirok etmaganlar va holat joyida bo‘lmaganlar ham bor. Negadir, ular janjal oqibatlarini o‘z bo‘yniga olmoqda.

Endigina faoliyatini boshlagan 21 yoshli Shamshod Safarov «Daryo» muxbiriga sohada shaxsiy manfaat maqsadida shafqatsizlikdan ham qaytmagan kimsalar kirdikorlari fosh etilmas ekan, ishga bo‘lgan qiziqishi so‘nishi mumkinligini bildirdi.

«Jondor tuman O‘rmon xo‘jaligi o‘rmonchilari bilan avvaldan kelishmovchilik bo‘lgan. Buning ortida esa manfaatdorlik yotibdi. O‘rmonchilar bir-ikkita mashina qo‘yib, pulini olib, mashinani «sopravajdeniye» qilib chiqarib yuborishadi. Biz esa reyd qilsak, ularning ishiga xalaqit beramiz, xolos», — deydi Abror Hamidov.

Viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Razzoqovning «Daryo»ga bildirishicha, sodir etilgan holat yuzasidan o‘rmon xodimlari bilan uchrashib, aniqlik kiritish imkoni bo‘lmagan. Boisi ular ayni paytda tergovda, so‘roq qilinmoqda.

«Hozirgi paytgacha biror marta bunday holat yuzaga kelmagan, ammo hammasini o‘rganib chiqaman», — dedi u.

Jondor tuman o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Jasur Xudoyqulov ham viloyat rahbaridan farqli o‘laroq, faoliyat davomida biror marta bunday kelishmovchilik sodir bo‘lmaganini, har ikki tomonda ham yoshlar borligi va o‘rtalarida biroz tortishuv chiqib qolib, oqibatda ko‘ngilsizlik yuzaga kelganini bildirdi.

Ushbu holat yuzasidan Buxoro viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Daryo»ga ma’lum qilishicha, Jondor tuman IIB navbatchilik qismida tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlab yuborilgan.

O‘rmon xo‘jaligi ishchilari viloyat Ekoinspeksiya xodimlari bilan janjallashgan. Janjal vaqtida bir-birlarini urib, har xil og‘irlik darajasidagi tan jarohatlari yetkazgan.

«Janjal vaqtida fuqaro D.B.ning Lacetti avtomashinasi oynalari sindirilib, kuzoviga shikast yetkazilgan, moddiy zarar keltirilgan. Hozirgi kunda Jondor tuman IIB tomonidan tan jarohati olgan shaxslarning jarohatlarining og‘irlik darajasini aniqlash yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shuningdek, fuqaro D.B.ga tegishli bo‘lgan Lacettiga yetkazilgan moddiy zararni aniqlash maqsadida baholash ekspertizasi tayinlangan», — dedi Shuhrat Jalolov.

Holat yuzasidan hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilib, fotosuratlarga olingan, janjal ishtirokchilari va guvohlar bilan tegishli tartibda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring