Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘rmon xo‘jaliklariga yong‘inga qarshi maxsus texnikalar topshirildi

O‘rmon xo‘jaliklariga yong‘inga qarshi maxsus texnikalar topshirildi

Poytaxtimizda Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tomonidan hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklariga yong‘inga qarshi kurashish uchun maxsus texnikalar topshirildi. Tadbirda Agentlik mas’ullari, o‘rmon xo‘jaliklari xodimlari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Agentlik direktori maslahatchisi Ismatulla Do‘stmurodov so‘zga chiqib, ushbu texnikalarning o‘rmonlarni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni asrab-avaylash hamda yong‘in xavfini kamaytirishdagi o‘rni haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, Agentlik bo‘lim boshlig‘i Sangin Madaminov ishtirokchilarga texnikalardan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ma’lumki, oxirgi yillarda butun dunyoda iqlim o‘zgarishi va qurg‘oqchilik tufayli o‘rmonlarda yong‘in xavfi yanada ortib bormoqda. Shu bois, o‘rmon xo‘jaliklarini yong‘inga qarshi kurashish bo‘yicha zarur texnik vositalar bilan ta’minlash dolzarb masalaga aylangan.

Tadbir davomida 40 ga yaqin hududiy o‘rmon xo‘jaliklariga 250 dona motopompa, 250 dona mexanik suv purkagich va 200 dona benzinli suv purkagich – maxsus texnik vositalari topshirildi. Endilikda ushbu vositalar yordamida o‘rmon xo‘jaliklari xodimlari yong‘inlarning oldini olish va uni tezkorlik bilan bartaraf etish imkoniga ega bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida, jami qiymati qariyb 90 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan ushbu yong‘inga qarshi kurashish maxsus texnikalari O‘rmon agentligi va Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasi doirasida xarid qilingan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda o‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishning oldini olish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va yong‘in xavfini kamaytirishdan iborat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring