Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Orol dengiziga poyezd» yoshlar ekologik aksiyasi: Tabiat va kelajak uchun birgalikda qadam

«Orol dengiziga poyezd» yoshlar ekologik aksiyasi: Tabiat va kelajak uchun birgalikda qadam

Joriy yil 28-31 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda «Orol dengiziga poyezd» yoshlar ekologik aksiyasi o‘tkazilmoqda.

Mazkur aksiya Orolbo‘yi mintaqasida yuzaga kelgan ekologik muammolar haqida keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar orasida xabardorlikni oshirishga, ekologik madaniyatni shakllantirishga va yoshlarning ushbu jarayonlardagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan.

Aksiya doirasida O‘zbekistonning barcha hududlaridan saralangan 600 nafardan ziyod faol, tashabbuskor yoshlar Nukus va Mo‘ynoq tumanlariga tashrif buyurishadi.

Aksiya ishtirokchilari ekologik muammolar ko‘lami bilan bevosita tanishish, hududda amalga oshirilayotgan ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy tiklash ishlari haqida batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lishadi.

Ushbu aksiya doirasida quyidagi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:

- Nukusdagi Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga tashrif, shuningdek, «Orol bizniki» shiori ostida Mo‘ynoqqa sayohat loyihasi doirasida «Orol dengizi tarixi muzeyi», kemalar qabristoni va memorial majmualarga tashrif;

- Aksiya ishtirokchilari tomonidan «AralForest» hamda «GreenAralSea» ijtimoiy loyihalari bilan sho‘r va qumli tuproqlarda o‘suvchi o‘simliklar ekish ishlarini «Yashil makon» umummilliy dasturi doirasida amalga oshiriladi;

- ekologiya va iqlim o‘zgarishiga hamda turizm sohalariga bag‘ishlangan taqdimot va seminar-treninglar;

- konsert dasturlari, uchrashuvlar, davra suhbatlari va madaniy-ma’rifiy tadbirlar.

Shuningdek, aksiya ishtirokchilari tomonidan «EcoVlog», «OrolDiary» mavzularida kontentlar (rils va shorts) tayyorlanadi, #OrolgaPoyezd, #OrolBizniki, #YoshlarOroluchun xeshteglari ostida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlar uzatib boriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring