Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Orolbo‘yi hududlarida daraxtlar ekildi

Orolbo‘yi hududlarida daraxtlar ekildi

2019-yilning 16-21-mart kunlari O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi, Ekologik partiyaning Xorazm, Buxoro, Qoraqolpog‘iston Respublikasi hududiy tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 8 yanvardagi PQ–4099 sonli qarori bilan tasdiqlangan Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘ptomonlama sheriklik trast jamg‘armasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» da belgilab berilgan vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlash, Orolbo‘yi hududida o‘rmonzorlar barpo etishga hissa qo‘shish, shuningdek, dolzarb ekologik muammolarni hal qilishga keng jamoatchilikning e’tiborini qaratish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida va Xorazm viloyatida «Orolga madad» shiori ostida xayriya hashari tadbirlari o‘tkazildi.

Ushbu hayriya hasharlarida ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, AKShning «The World Aral Region Charity INC» EKO kungililar tashkiloti, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi, Ekologik partiyaning Xorazm, Buxoro, Qoraqolpog‘isto Respublikasi hududiy tashkilotlari, Ekoharakat Markaziy Kengashi, Halqaro ekosan jamg‘armasi Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi, Xorazm viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, madaniyat ishlari boshqarmalari hamda OAV vakillari Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurishdi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, AKShning «The World Aral Region Charity INC» EKO ko‘ngililar tashkiloti tomonidan Orol bo‘yi hududi ekologik holatini o‘rganish, ekologik vaziyatni yaxshilash, ekologik ta’lim tarbiyaga ko‘maklashish, halqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi ezgu maqsadlar yo‘lida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida O‘zbekiston ekologik harakati bilan hamkorlikda bir qator amaliy tadbirlar amalga oshirilib kelmoqda, jumladan 2018-yilning mart oyida Shovot tumanidagi maktablarda 2 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish loyihasi, shuningdek Urganch, Bog‘ot tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida suvdan tejab foydalanish maqsadida tomchilab sug‘orish aparatlari beg‘araz yordam sifatida o‘rnatib berildi.

Zaharli tuzlarning havoga ko‘tarilishini oldini olishning eng maqbul yo‘li qurigan dengiz hududida sho‘rga chidamli daraxt ko‘chatlari   va saksovullar ekib o‘rmonzorlar barpo etishdir. Davlatimiz rahbari Muxtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 2018-yil 28-dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatnomasida ekologik masalalarga alohida to‘xtalib: «....Agar mustaqillik yillarida O‘zbekiston bo‘yicha 1 million 220 ming gektarga yaqin o‘rmonzor yaratilgan bo‘lsa, shundan  400 ming gektardan ortig‘i aynan Orolbo‘yi hududida barpo etilgan. Bu masalada qabul qilinayotgan maxsus dasturga ko‘ra, Orol dengizining suvsiz hududida kelgusi yilda yana 500 ming gektar o‘rmonzor barpo etiladi»,   deya ta’kilab o‘tgan edilar. Prezidentimizning ushbu so‘zlari Orol ekologik fojiasining ta’sirini ko‘rib, his qilib yurgan har bir yutdoshimizning  qalbida aks sado berdi, ushbu ishga o‘z hissasini qo‘shish istagini uyg‘otdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Ekologik partiyasi va Ekoharakat faollari joriy yilning 23-yanvar kuni bevosita Orolbo‘yi hududiga tashrif buyurishib hashar orqali yig‘ilgan 500 kilogrammga yaqin saksovul urug‘larini yetkazib berdi. Albatta ushbu amaliy aksiyalarni tashkil etish va ularni yuqori saviyada o‘tkazishda Ekopartiyaning faollari tashabbus ko‘rsatishgan edilar.

Bundan tashqari joriy yilning 26-yanvar kuni Yurtimiz bo‘ylab umumxalq ekologik xayriya hashari o‘tkazildi. «Yurtimizni yanada obod qilaylik!» g‘oyasi ostida o‘tkazilgan ekologik xayriya xasharida yurtimizdagi barcha mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar va binolar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar, ariqlar, ko‘cha va yo‘laklarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish bo‘yicha ekologik aksiyalar o‘tkazildi. Ekologik xayriya xasharlarida respublika bo‘yicha 5 mln.dan ortiq fuqarolar ishtirok etishdi shundan 52 mingdan ortig‘i O‘zbekiston Ekologik partiyasi va Ekoharakat fallaridir Eng muhimi ekologik hashar doirasida to‘plangan mablag‘larning asosiy qismi Orolbo‘yida ekologik, iqtisodiy, ijtimoiy vaziyatni yaxshilashga yo‘naltirildi.

Joriy yilning 16-18-mart kunlari amaliy tadbirlar doirasida aholini tozalangan ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidagi 33-sonli, Shovot tumanidagi 5-sonli hamda Yangiariq tumanidagi 7-sonli maktab hududi yaqiniga suv tozalagich apparatlari AKShning «The World Aral Region Charity INC» EKO ko‘ngililar tashkiloti tomonidan beg‘araz yordam sifatida o‘rnatib berildi. Mazkur qurilmada tozalangan suvdan aholi bemalol foydalanishlari uchun keng sharoitlar yaratildi.

Ushbu maktablar hududiga mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, atroflari turli chiqindilardan tozalandi.

Tadbirlar davomida hayriya hasharining ishtirokchilari Mo‘ynoq tumanida joylashgan 2-sonli maktab va tumandagi Mahallalarga tashrif buyurishib, hududda «Do‘stlik ekobog‘i»ni barpo etish bo‘yicha ekologik hashar tashkil etdilar. Ekologik partiya faollari tomonidan olib kelingan 5 minga yaqin manzarali va mevali ko‘chatlar o‘tkazilib, ekobog‘ning tevarak atroflari obod qilindi.

Mo‘ynoq tumaniga tashrif davomida Orolbo‘yi hududidagi loyiha va dasturlar to‘g‘risida xabardorlikni oshirishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. O‘quvchi yoshlar ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatida so‘z olganlar Orol ekologik muammosining salbiy ta’siri butun dunyoda sezilayotganligi va shu boisdan ham bu muammoga barham berishga jahon hamjamiyati keng e’tibor qaratayotganligi xususida atroflicha to‘xtaldilar. Davra suhbatida o‘quvchilar Orol dengizining qurishiga olib kelgan sabablardan hamda Orol fojiasi oqibatlari bartaraf etish, mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda vujudga kelgan muammolarga barham berish borasida davlatimiz tomonidan yuritilayotgan oqilona siyosatdan o‘zlarining yaxshi xabardorliklarini namoyish etdilar.

Amaliy tadbirlar doirasida oliy o‘quv yurti talabalari va maktab o‘quvchilari uchun Xorazm viloyati hududida joylashgan «Amudaryo» suv xo‘jaligi inshootlariga ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiyada talaba yoshlar va maktab o‘quvchilari o‘zlari qiziqgan savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar olishib, ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishdilar.

Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish mamlakatning ekologik siyosatida ustuvorlik kasb etadi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi «Biz kelajak uchun javobgarmiz!» shiorini ilgari surar ekan davlatimizning ekologik siyosatini amalga oshirishda jamiyatning barcha kuchlarini safarbar etishni o‘zining muhim vazifalari qatoriga qo‘yadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring