Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ota-onadan qolgan yodgorlar

Ota-onadan qolgan yodgorlar

ru.freepik.com

 – Amma, otam novvot, mayiz va meva-chevalar berib yubordilar. Onam bir sidra ko‘ylaklik berdi, – dedi eshikdan kirgan jiyanim hol-ahvol so‘rashib bo‘lgach.

Ko‘nglim yorishib ketdi. Charchoqniyam unutdim. To‘rt tomoning oltinga belanib yotsa-da, jigarlaringning yo‘qloviga hech narsa teng kelmaydi. Og‘a-ini, opalarimda ota-onamning mehrini tuyaman.

«Bizdan keyin ham bir-biringizga onalik, otalik mehrini beringlar. Bir-biringizning holingizdan xabar olib turinglar. Odamzotning bolalarim ko‘paysin, deya tilanganida shu gap bor, bolam», – derdilar ular har safar.

Hech esimdan chiqmaydi, rahmatli otam ancha keksayib, gap-so‘zi tilidan tushib ketaveradigan holdayam jonu-jigari – ammalarimni tez-tez yo‘qlab turardi. Kichikkina tugunchada qand-qurs, nonu-bol, kiyim-kechaklar ilinardi. Ammam ham akasini yo‘qlashdan charchamas edi.

Kunlarning birida ammam betob bo‘ldi. Ichikmasin uchun otamga bildirmadik. Ammo, otam ko‘ngli sezdimi, o‘zi yurish-turishida qaltiroqlik kuchaygan bo‘lsa ham: «Ammangni ko‘raman, meni yoniga olib boringlar»lab qoldi. So‘nggi diydorni sezishgan ekanmi, otam bizni xonadan chiqarib yubordi. Eshik ortidan mo‘ralayapmiz, otam to‘shakdagi xasta ammamni quchib yig‘ladi. Ikki keksa jigarlar bir-birlariga chirmovuqdek yopishishdi. Xuddi yosh bolalardek «ho‘ng-ho‘ng» yig‘lashdi. Otam: «Ota-onamdan qolgan yodgorim» desa, ammam «Jigarim» derdi otamni.

Oradan vaqt o‘tdi... Otamning o‘limidan bir necha kun oldin ham bir-da eslab, bir-da eslolmay, aytari shu bo‘ldi: «Anu, bibi bor-ku, quyosh chiqar qishloqdagi.... ana bu yerimdagi (yuragini ko‘rsatib) shundan xabar olib turinglar, qand-qurs eltib beringlar...»

Ko‘zlarimizdan guvala-guvala yosh sizardi. Bilardik otam ammam haqida so‘zlayotganini. Ammam ham jon berayotganida, bolalarini emas, otamni – akasini tildan qo‘ymay, haqiga duo qildi...

***

Og‘a-inilaringiz yo‘qlab kelishsa, xonadoningiz nurga to‘lgandek fayzli, charog‘on bo‘ladi. Turmushning tashvishu iztiroblaridan bir qadar uzoqlashib, g‘oyat yengil tortgandek his etadi kishi, o‘zini. Jonu-jigaringizning mehriga, ko‘ngil ovlashiga yetadigani yo‘q.

Biroq, turmushda sodir bo‘ladigan ayrim voqealardan ko‘nglingiz xira tortadi.. Ota-ona, yoru-do‘st, qarindosh-urug‘larning bir-birlaridan xabar olishlari kamaygandek. Ayrimlar elu yurtga havas qilgulik to‘y berayapti, birovlar katta-katta xayru-ehson qilayapti, 2-3 martalab haj safarlariga ziyorat qilib kelayapti. Ammo, eng aziz kishilariga oqibat qilishga – ammayu-xola, amaki-tog‘a, og‘a-ini, opa-singil qadrdonlar holidan xabar olishni unutib qo‘yayapti.

Goho «jon-jigarmiz» deb, qarindoshlik qadru-qimmatini qoringa, mehr-oqibatni manfaatga aylantirayotgan kimsalarni ham uchratamiz.

Qo‘shni mahalladagi Muhtarama aya umrini qarindosh-urug‘lariga bag‘ishlab o‘tkazdi. Ota-onasi dunyodan o‘tgach, ukalarining boshini silash, mehr ko‘rsatish uning bo‘ynida qoldi. Uch ukasiga ham ona, ham ota bo‘lib, jigarlarining og‘irlariga yelka tutib keldi. Barini uyli-joyli qilib ham tinmadi. Jiyanlarining to‘y-ma’rakalarini-da, o‘tkazdi. Biroq, mudhish voqea sabab oyog‘idan ajralib, to‘shakka mixlandi. Shundan so‘ng jigarlaridan muruvvat sog‘indi, ularning mehriga ko‘z tikdi. Shunday holatda ham elu-yurtga obro‘ bilan osh berib, kenja ukasiniyam uylantirdi. Bir zumda yon-verini to‘ldirgan ukalarining tashrifidan qanotim yana to‘ldi, deb o‘ylagan Muhtarama aya adashgandi. Supra-elak qilib kelgan ukayu-kelinlar to‘y-tomosha tugashi bilan hech bir ishga qarashishmay, yordamlashishmay, qo‘llariga tushganini yig‘ishtirishib, «hayo-huyt» deb ketib qolishdi...

Yana bir voqelikka nazar tashlaylik.

Nurmatning topish-tutishi yomon emas. Oshig‘i olchi edi. Dang‘illama hovlida yashaydi. Oyog‘ining ostida 2-3ta mashinasi bor. Bolalarining ham yegani oldida, yemagani ortida.

«Ukajon, pochchang dunyodan o‘tgach, qo‘lim sal kaltayib qoldi-da. Jiyaning shartnoma asosiga o‘qiyotganini bilasan. Ozroq yordam qilib tursang. Ana-mana, demay o‘qishni tugatadi. So‘ng biror bir ishga kirgach, qarzlarni uzarmiz!» – Sodiqa opa ukasining ostonasiga kelib, ming hijolatda so‘zladi.

Opasining gapini eshitib, Nurmatning ta’bi buzildi:

«O‘qishni tugatib, biror ishga kirgach» emish. Xo‘sh, ishga kirolmasa-chi?! O‘zingiz katalakdey hovlida yashaysiz. Buning ustiga yeganingiz yovg‘on-ku! Nimaningizni sotib, qarzingizni to‘laysiz?! – dedi asabiylashgan ko‘yi uka.

Sodiqa opaning ko‘zi «duvv» yoshga to‘ldi. Bo‘g‘ziga tosh tiqilgandek, garangsib qoldi.

Sodiqa opa ota-onasi erta olamdan ko‘z yumgan. Jo‘jabirday ukasini yeru-ko‘kka ishonmay kaftida avaylab o‘stirgan. Ukasini yedirib-ichirib, tanish-notanishlarning eshigida xizmat qilib, o‘qitgan. Birovdan kam qilmay to‘y-tomosha bilan uylantirgan. Rahmatli erining ko‘magi bilan uni uyli-joyli ham qilgan...

Ko‘ngli o‘ksigan Sodiqa opa hazin ovozda ingranib qo‘ydi:

«Jigarim, deb oldingga kelgandim-da, ukajon!»

«Xih, kelsangiz hol so‘rab keling-da! Qarz so‘rab kelgan opa qanaqa jigar bo‘lsin!»

Sodiqa opa muzlab ketdi. Hush-behush ukasining hashamatli hovlisidan uzoqlashdi. Uzoqlashgan sari yuragidan birtomir «chirt» uzilgandek vujudi titrab ketdi. Ortiga sekin qayrildi. Qaqroq lablari titrab, asta shivirladi: «Topganing buyursin-a, ukajon, topganing buyursin!»

Keyingi paytlarda bunday voqeliklarga tez-tez duch kelamiz. Uch-to‘rt kishi to‘planishib qolsa, «oldi-sotdi qanday bo‘layapti, narx-navo qancha, qancha dollar to‘plading?» kabilar haqida gapiriladi. Ammo, «Opam, akam, ammam, xolam, amakim, tog‘am tuzukmilar?» –degan so‘rovlar juda kam. Savol tug‘iladi: nega ota-bobolarimiz saxiy, mehrli, oqibatli bo‘lib o‘tishgan?! Demak, bu amallar, bizning qonimizda ham bor. Faqat bu amallarni qayta tiklash va qadrlash zarur. Buning uchun qalblarga ishonch, oqibat bo‘lishi kerak. Hayotning mazmuni ham, baxtu-saodati ham mana shu qadr-oqibatda.

***

Akam jiyanim orqali mevayu-nonlar solib jo‘natgan tugunchani ochaman. Nonni hidlab, dimog‘imni xuddi onamning xushbo‘y islariga to‘ydiraman. O‘riku mayizlarda otaginam barmoqlari qolgandek xuddi. Yangam ilingan bir sidra matoni egnimga tashlab, go‘yo «yallo»landim. Tugunchani qayta shirinliklarga to‘ldiraman. Bo‘yi bo‘yimdan oshgan, akaginam tafti bor jiyanimning bo‘ylariga osilib, xayr-xushlashaman. Ota-onamdan qolgan yodgorlarim omon bo‘lishsin, ilohim...

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring