Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘tgan yili bolalarga zo‘ravonlik ortida 32 ta «ish» qo‘zg‘atilgan

O‘tgan yili bolalarga zo‘ravonlik ortida 32 ta «ish» qo‘zg‘atilgan

Senatning beshinchi yalpi majlisida Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, 2024 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga O‘zbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolari hamda ombudsmanlari, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1064 ta murojaat kelib tushgan. 2023-yilga nisbatan solishtirganda ushbu ko‘rsatkich 2,4 baravarga oshgan.

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 14 ta jinoyat ishi hamda 18 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Ta’lim muassasalarida bolaga jismoniy zo‘ravonlik qilganligi hamda o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun 7 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Bolalarga nisbatan qilgan qo‘pol xatti-harakatlari uchun 22 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.

Shuningdek, Internet tarmog‘i monitoringi davomida aniqlangan o‘g‘il-qizlar huquqlarining buzilishiga oid 83 ta holat mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda tekshirilib, bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 15 ta jinoyat ishi hamda 9 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan hamkorlikda 87 ta holat yuzasidan hududlardagi bolaning ijtimoiy psixologik vaziyati baholanib, 11 nafar bolaga vasiy yoki homiy tayinlanishi ta’minlangan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga murojaatlar va hamkor tashkilotlarning so‘rovlari asosida xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 52 nafar bolaning O‘zbekistonga qaytarilishiga erishilgan.

Muhokamalar nihoyasida ma’ruzani ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring