O‘z alifbosini anglay olmayotgan o‘zbek yigiti qayg‘usi
Kechadan buyon ko‘ngil g‘ash, bir tomondan xursand bo‘lsam, boshqa tomondan jahlim chiqadi. Avvalo yangi alifbo ustida ishlagan barchaga rahmat. Ammo menda bir e’tiroz bor va bu e’tiroz anglab turganingizdek «s» harfi borasida.
Hozirgina «Xabar.uz» saytida bu yangilikni o‘qidim. Avvalo komissiya hisoboti haqida gaplashsak. Ular keltirayotgan asoslarga qaraganida qadimgi (hozirda o‘lik, ya’ni hech kim oddiy turmush tarzida foydalanmaydigan) lotin tilidagi bir qancha (barmoq bilan sanarli) so‘zlar tilimizga kirib kelgani uchun, ularni azbaroyi bamisoli qadimgi lotinlardek tallafuz qilishimiz uchun (xuddiki «s»ning o‘rniga «ts» yoki «s» ishlatsak allaqachon o‘lib ketgan lotinlar xafa bo‘ladigandek) alifbomizga o‘sha harfni qabul qilishimiz kerak ekan.
Hoy, birodarlar qachongacha birovlarning qosh-qovog‘iga qarab yashaymiz. Nima «sirk»ni «tsirk», «sement»ni «tsement», «litsey»ni «litsey» deb yozsak biror davlat yoki tashkilot ustimizdan kuladimi yoki kredit va viza bermay qo‘yadimi?
Mayli, agar bu so‘zni to‘liq talaffuz qila olmayabsiz, deb kimlardir e’tiroz bildirishsa (bunaqangi e’tiroz bo‘lishi haqida o‘ylashning o‘zi kulguli) va xalqaro bayonot bilan chiqishsa, mayli, rozimiz, «s»ni qabul qilaylik. Lekin bir shart bilan, marhamat qilib ular ham o‘z alifbosiga O‘, G‘, H kabi harflarni qo‘shsin, tokaygacha Xorazmni «Khorazm», G‘uzorni «Guzar» O‘zbekistonni esa «Uzbekistan» deb yozishadi.
Hozir sizga tilimizga asrlar davomida ta’sir o‘tkazib kelgan bir muammo haqida gapirsam. VIII asrda yurtimizga kelgan arablar o‘zlari bilan yozuvlarini ham olib kelishdi. Bungacha muomalada forsiy va turkiy so‘zlar bo‘lsa, endi arabcha so‘zlar ham kirib keldi. Arab yozuvi jamiyatga singdirila boshlangach ma’lum bo‘ldiki, arab alifbosi forsiy va turkiy so‘zlarni to‘g‘ri ifodalay olmas ekan. Natijada ota-bobolarimiz yangilik qilishdi, ya’ni arablarda «P» harfi bo‘lmagani uchun «B»ning nuqtasi uchtaga ko‘payib «P» va «J»ning nuqtasi 3 taga ko‘payib «Ch»ga aylandi. «K»ning ustiga esa chiziq tortildi va «G» harfi yasaldi. Xalqimiz 1200 yilga yaqin arab alifbosida yozib, o‘qidi.
Buning nimasi muammo, dersiz? Gap shundaki, «Z» tovushi bilan yasaladigan so‘zlar yozuvda o‘z talaffuz xususiyatiga qarab 4 xil harfda ifodalangan. Tasavvur qilyapsizmi, tilimizda hozir «Z» harfi 4 xil talaffuz qilinadi. Bu hali hammasi emas, xuddi shunday «S» harfi uch xil, «T» harfi ikki xil va «H» harfi ikki xil ko‘rinishda yozilgan va talaffuz qilingan.
Mana sizga muammo, biz hozir alifboni isloh qilar ekanmiz, qayerdagi bir nechta so‘zda kelishi mumkin bo‘lgan xorijiy harfni to‘g‘ri talaffuz qilish emas, xalqimiz ming yillar davomida foydalanib kelgan turli talaffuzli harflarni isloh qilishni o‘ylashimiz kerak.
Tarixni o‘qisak, 2 ming yil ilgari xitoyliklar shunga o‘xshash masalani qanday hal qilganini ko‘ramiz. Xoy Chao va Syuan Szyan yurtimizga sayohat qilganda Buxoro, Toshkent va Termizni aytishga qiynalgan, yozishga-ku, umuman. Shuning uchun ular o‘ta oddiy usulni qo‘llashgan - Buxoroni «An», Samarqandni «Kan», Toshkentni «Shi», Maymurg‘ni «Mi», Termizni «Tami» deb talafuz qilib, yoza boshladilar. Bunga qanday qaraysiz?
Yaxshilar, agar bugun biz «s» harfini qo‘shsak, ertaga dunyo tili ingliz tili-ku, deb inglizcha so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilgimiz kelib qoladi. Modomiki biz xorijiy so‘zlarni istemol qilarkanmiz, bu holat davom etaveradi. Biz xorijdan andoza olishimiz emas, balki o‘zligimizni saqlashga harakat qilishimiz lozim.
Mansurbek Normo‘minov
Termiz shahar arxeologiya muzeyi xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter