Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon elchixonasiga tegishli mashina Vashingtonda o‘qqa tutildi

Ozarbayjon elchixonasiga tegishli mashina Vashingtonda o‘qqa tutildi

Ozarbayjonning AQShdagi elchixonasi.

Foto: «Apa.az»

11-oktyabrga o‘tar kechasi Ozarbayjonning AQShdagi elchixonasi xizmat mashinasi Vashingtonda o‘qqa tutildi. Diplomatik vakolatxona hodisa yuzasidan mezbon davlatning tegishli idoralariga zudlik bilan xabar bergan, videokamera yozuvlari taqdim etilgan. 

Bugun esa AQShning Bokudagi muvaqqat ishlar vakili Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan va unga hodisa yuzasidan norozilik bildirilgan, diplomatik vakolatxona xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratilishi talab qilingan.

Ozarbayjon tashqi siyosat mahkamasiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda mamlakatning Vashington, Parij, Bayrut va boshqa shaharlardagi elchixonalarida radikal arman guruhlari tomonidan hujumlar va vandalizm harakatlari sodir etilgan. O‘tgan yillar davomida bir necha diplomatlar terror qurboni bo‘lgan.

«Afsuski, so‘nggi vaqtlarda Ozarbayjon diplomatik vakolatxonalari va Ozarbayjon jamoasi vakillariga nisbatan amalga oshirilgan hujumlar bo‘yicha ochilgan jinoiy ishlar doirasida hech kim javobgarlikka tortilmadi», – deyiladi TIV bayonotida.

Ta’kidlanishicha, Vashingtonda ro‘y bergan hodisa tergovi rasmiy Boku nazoratida bo‘ladi.

Avval xabar berganimizdek, Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi joriy yil sentyabr oyida mamlakatning xorijdagi vakolatxonalariga sodir etilayotgan hujumlardan jiddiy xavotirda izhor etib, radikal guruhlar tomonidan amalga oshirilayotgan hamlalar to‘laqonli tergov-tekshiruvga tortilishi lozimligini talab qilib chiqqan edi.

Rasmiy Boku Vena konvensiyasiga ko‘ra mezbon mamlakatlar xorijiy diplomatik vakolatxonalarni turli hujum va hamlalardan muhofaza etishga doir kerakli chora-tadbirlarni ko‘rishi kerakligini eslatib kelmoqda.

Joriy yil 4 avgust kuni ham Ozarbayjonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasiga hujum uyushtirilgan edi. O‘shanda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi g‘arazli maqsadda uyushtirilgan hujumni qat’iy qoralab bayonot bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring