Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon–Armaniston: chigallikni yechish borasida muhim qadam

Ozarbayjon–Armaniston: chigallikni yechish borasida muhim qadam

Bryussel uchrashuvi yakunida tomonlar tinchlik bitimini hozirlashga kelishib olgan.

Foto: AFP

Boku tomonidan Yerevanga o‘zaro munosabatlarni izga solish maqsadida yo‘llangan takliflar taqdiriga oydinlik kiritildi. Bu masala 6-aprel kuni Bryusselda o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda ham ko‘tarilgandi.

Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov Armaniston tomoni takliflarni qabul qilganini ma’lum qilar ekan, buni muhim hodisa deb atagan. Vazir Ozarbayjon qo‘shni mamlakat bilan munosabatlarni normal o‘zanga solish uchun kerakli chora-tadbirlarni ko‘rayotganini qayd etgan.  

Avval xabar berganimizdek, joriy yil mart oyida Ozarbayjon Armanistonga besh banddan iborat taklif bilan murojaat qilgandi.

Takliflar paketi o‘zaro suverenitet, hududiy yaxlitlik va xalqaro chegaralarni tan olish, bir-biriga nisbatan hududiy da’vo bilan chiqmaslik, BMT nizomlarida doirasida ish tutgan holda bir-biriga tahdid solmaslik, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, o‘zaro transport va kommunikatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish kabilarni o‘z ichiga oladi.

Robitalardagi chigallikni yechishda oliy darajadagi uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi. Eslatib o‘tamiz, joriy yil 6 aprel kuni Bryusselda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Sharl Mishel ishtirokida uchrashgan edi.

Muzokaralar yakunida Ozarbayjon hamda Armaniston tinchlik bitimini hozirlashga kelishib olgan. Tomonlar, shuningdek, chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma komissiya tuzishga rozilik bergan.

2020-yilning 27-sentyabridan 10-noyabriga qadar Qorabog‘da davom etgan 44 kunli urush yakunida Ozarbayjon xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra o‘ziga tegishli bo‘lgan hududlarni qaytarib oldi. 2020-yil 10-noyabr kuni Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari o‘t ochishni to‘xtatish haqida uch tomonlama bitim imzoladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Boku va Yerevan o‘rtasida munosabatlarni me’yorlashtirish borasida muzokaralar boshlangani muhim yangilik sanaladi. Chunki bu ko‘p yillardan buyon ziddiyatli munosabatga ega bo‘lib kelayotgan ikki davlat o‘rtasida risoladagidek aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida dastlabki qadam bo‘lishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring