«O‘zarxiv» Yakkabog‘ voqeasiga munosabat bildirdi
Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani davlat arxivchisi Q. D. va arxiv xo‘jalik guruhida shartnoma asosida ishlovchi A. J.lar tomonidan 3031 dona ish hujjatlari eski qog‘oz yig‘uvchilarga sotib yuborilgani aniqlangani xabar qilingandi. «O‘zarxiv» agentligi axborot xizmati ushbu holatga munosabat bildirdi.
«Yakkabog‘ tumani davlat arxivida mazkur voqea 13 noyabr kuni soat 18.00 dan keyin sodir bo‘lgan bo‘lib, shu kuni o‘zining g‘araz niyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan shaxs arxivda vaqtincha saqlanadigan birlamchi hamda yo‘q qilishga ajratishga tayyorlanayotgan buxgalteriya hujjatlarini arxivdan olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Arxiv tomonidan mazkur holat zudlik bilan aniqlanib, tuman Ichki ishlar organiga xabar berilgan.
Holatga huquqiy baho berish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda hamda hujjatlarning mavjudlik holatini tekshirish yuzasidan Ishchi guruhi tuzilib, hujjatlar tarkibi o‘rganilmoqda.
Dastlabki o‘rganish jarayonlarida arxivdan olib chiqilgan hujjatlar tarkibida doimiy saqlovdagi Milliy arxiv fondiga kiritilgan hujjatlar bo‘lmaganligi, faqatgina vaqtincha saqlovdagi buxgalteriya hujjatlari bo‘lganligi aniqlandi.
O‘rganishning yakuniy natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar berib boriladi», deyiladi agentlik xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter