O‘zbekiston 6 ta davlat uchun rasman vizasiz rejim joriy qildi
O‘zbekiston oltita yangi davlat uchun vizasiz rejimni rasman joriy qilmoqda va Xitoyga vizasiz kirish muddatini uzaytirmoqda. Bu borada 21-oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Hukumatning 1996-yil 21-noyabrdagi 408-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, 408-son qarorning 5-ilovasida keltirilgan fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasida vizasiz rejim joriy qilingan mamlakatlar soni yana 6 taga (shu kunga qadar 85 ta edi) ko‘paydi. Ular – Bahrayn, Qatar, Quvayt, Ummon, Saudiya Arabistoni va Iordaniya davlatlari. Ularning fuqarolari O‘zbekistonga 30 kungacha erkin kirishlari mumkin.
Bundan tashqari, Xitoy fuqarolari uchun vizasiz qolish muddati 30 kungacha uzaytirildi. Avvalgidek, yetti kun davomida vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan Gonkong aholisi uchun istisno saqlanib qolingan.
Shuningdek, 15 davlat fuqarolari uchun biznes vizalarini berishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi.
Ular:
- Avstriya
- Belgiya
- Buyuk Britaniya
- Germaniya
- Ispaniya
- Italiya
- Latviya
- Malayziya
- Fransiya
- Chexiya
- Shveysariya
- Yaponiya
- BAA
- Eron
- Pokiston
Bunda Eron va Pokiston fuqarolari uchun biznes vizalari ishbilarmonlik va akademik doiralar, shuningdek, turistik guruhlar uchun soddalashtirilgan viza jarayonlari to‘g‘risidagi kelishuvlar asosida beriladi. Agar qo‘shimcha tekshiruvlar zarur bo‘lsa, viza berish muddatlari 10 kungacha uzaytirilishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter