O‘zbekiston – BMT Turizm Yevropa komissiyasi raisligiga nomzodini ilgari surdi

2025–2027 yillar uchun BMT Turizmning Yevropa bo‘yicha komissiyasi raisligiga O‘zbekiston Respublikasi o‘z nomzodini ilgari surdi. Mazkur nufuzli lavozimga O‘zbekiston tarixda ilk bor o‘z nomzodini ilgari surmoqda. Bu tashabbus mamlakatimizning xalqaro turizm tashkilotlari doirasidagi faolligi va yuksak ishonchga sazovor bo‘layotganining yaqqol ifodasidir.
BMT Turizm Yevropa komissiyasi tarkibiga Yevropa, Markaziy va G‘arbiy Osiyoning 41 ta davlati kiradi. Komissiya Yevropa mintaqasidagi turizm siyosatini shakllantirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda barqaror va inklyuziv turizmni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Mazkur komissiyaning 71-yig‘ilishi 2025 yil 4–6 iyun kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu yig‘ilish davomida 2025–2027 yillarda BMT Turizm Yevropa komissiyasiga rais saylovi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonning mazkur lavozimga nomzodini ilgari surishi — mamlakatimizning turizm sohasidagi izchil islohotlari, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi amaliy qadamlar, shuningdek, barqaror va inklyuziv turizmni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasining e’tirofi sifatida e’tirof etilmoqda.
Mazkur lavozimni egallash orqali O‘zbekiston Markaziy Osiyoni yagona turizm makoni sifatida targ‘ib qilish, transchegaraviy marshrutlarni rivojlantirish, raqamli yechimlarni keng joriy etish, shuningdek, BMT Turizm tashkiloti doirasida mintaqaviy muloqotni kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter