Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi: zamonaviy hamkorlik va ochiq iqtisodiyot yo‘lidagi tarixiy bitim

O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi: zamonaviy hamkorlik va ochiq iqtisodiyot yo‘lidagi tarixiy bitim

Bryusselda imzolangan “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi” bitim O‘zbekiston xalqining ochiq dunyo, barqaror rivojlanish va farovon kelajak sari intilishining yana bir yaqqol ifodasi bo‘ldi.

Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, Yevropa Ittifoqi - dunyodagi yirik iqtisodiy hududlardan biri bo‘lib, ayni vaqtda, uning yalpi ichki mahsuloti taxminan 19 trln AQSh dollarini tashkil etmoqda. Ittifoq aholisi 450 mln kishidan ortiq bo‘lib, bu dunyodagi yirik iste’mol bozorlaridan biri hisoblanadi. YeI tashqi savdoda global eksportning taxminan 17 % va global importning taxminan 15 % hudud hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ushbu raqamlarning o‘zi ham mazkur tarixiy kelishuvning muhimligi, O‘zbekiston - YeI munosabatlarida yangi tarixiy davr boshlanayotganidan dalolatdir. Bu quyidagi omillar bilan uzviy bog‘liq:

Birinchidan, bozor imkoniyatlari yanada kengayadi, ya’ni mahalliy mahsulotlarimiz “made in Uzbekistan” brendi ostida YeIning 27 ta davlati bozorlariga kirishga yo‘l ochadi. Bu esa milliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun eksport hajmini oshirish, yangi iste’molchilar bilan ishlash va Yevropa standartlariga moslashish imkoniyatini yaratadi.

Ikkinchidan, bojxona jarayonlari soddalashadi, texnik to‘siqlar kamayadi. Tadbirkorlar uchun tovarlarni bojxonadan o‘tkazish tartibi yengillashadi, ortiqcha hujjatlar va rasmiyatchilik kamayadi. Bu tashqi savdoda vaqt va xarajatni tejash, savdo aylanmasini tezlashtirishga yordam beradi. Bitim bilan texnik reglamentlar, sertifikatlash va mahsulot standartlarini muvofiqlashtirish ham ko‘zda tutilgan. Natijada, O‘zbekiston mahsulotlari Yevropa talablari bilan moslashgan holda erkinroq savdoga chiqadi.

Uchinchidan, investitsiya muhiti liberallashtiriladi, viza jarayonlari soddalashtiriladi. Bitim Yevropa investorlariga O‘zbekistonda huquqiy kafolatlar va barqaror sharoit yaratadi. Bu yangi zavodlar, texnoparklar va ish o‘rinlarining tashkil etilishiga, pirovardida milliy iqtisodiyotning modernizatsiyasiga xizmat qiladi. Tadbirkorlar va mutaxassislar uchun Yevropaga borish jarayoni soddalashadi. Bu tomonlar o‘rtasida inson kapitali almashinuvini kuchaytiradi va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantiradi.

To‘rtinchidan, fan-ta’lim, ilmiy, raqamli va innovatsion sohalarda hamkorlik kuchayadi. Jumladan, O‘zbekiston talabalari uchun Yevropaning nufuzli universitetlarida o‘qish, stajirovka o‘tash va qo‘shma ilmiy loyihalarda qatnashish imkoniyatlari ortadi. Bu ta’lim sifati va ilmiy salohiyatning oshishiga xizmat qiladi.

Sun’iy intellekt, startaplar, raqamli xavfsizlik va texnologik innovatsiyalar sohasida qo‘shma dasturlar amalga oshiriladi. Bu yoshlar va IT-mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar, grantlar va hamkorlik loyihalariga yo‘l ochadi.

Bundan tashqari, tashqi siyosat va xavfsizlik, ekologiya, axborot xavfsizligi, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa qator muhim yo‘nalishlar ham bitimning asosini tashkil etadi.

Bundan ko‘rinadiki, ushbu bitim faqat tashqi siyosiy yoki iqtisodiy hujjat emas, balki mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichiga o‘tish yo‘lidagi mustahkam huquqiy poydevordir. Bu orqali O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirib, jahon bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, Yevropa standartlariga mos ish yuritish orqali milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi oshadi.

Mazkur kelishuvning ahamiyati haqida xalqaro ekspertlar, bitim Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi Yangi O‘zbekiston uchun katta siyosiy va iqtisodiy yutuq ekani, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga, tashqi siyosatda ishonchli va barqaror sherik sifatida tan olinishiga xizmat qilishi, buni o‘zbek diplomatiyasining so‘nggi yillardagi eng muhim natijalaridan biri sifatida e’tirof etishmoqda.

Xususan, Anadolu agentligi (Anadolu Agency) YeI rahbarlarining O‘zbekistonni mintaqaviy va strategik hamkor sifatida, bitim ahamiyatini alohida e’tirof etishganiga e’tibor qaratgan. Nashrga ko‘ra, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bitimni imzolash marosimida: “O‘zbekiston Yevropa uchun tanlangan hamkor. Biz bir-birimizga tayanishimiz mumkin. Hozirgi global davrda bu har qachongidan ham muhimroq” deb bitimni qiymatiga yuqori baho bergan.

Yevropa kengashi raisi Antonio Koshta esa bitimni ikki tomonlama munosabatlarda “asosiy bosqich” ekani, ushbu kelishuv ikki tomonning o‘zaro ishonchini mustahkamlashi va kelajakdagi ishonchli sheriklik uchun zamin yaratishini ta’kidlagan.

YeI tashqi siyosat bo‘yicha vakili Kaja Kallas bitimni imzolash “sharaf” deya e’tirof etgan holda, uni YeI va O‘zbekiston munosabatlarida “yangi bobning boshlanishi” deb ta’riflagan.

Ta’kidlanganidek, mazkur bitim nafaqat O‘zbekiston balki Yevropa Ittifoqi uchun ham strategik ahamiyatga ega bo‘lib, YeIning Markaziy Osiyodagi savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish hamda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash imkonini beradi. Bitim YeIning global diplomatik obro‘sini oshirish va Markaziy Osiyoda strategik sherikliklar orqali iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Darhaqiqat, bugungi globallashuv va raqobat davrida bu kabi kelishuv va imkoniyatlar har bir tomon uchun juda muhim strategik ustunlik hisoblanadi.

Muxtasar aytganda, bu bitim nafaqat siyosiy kelishuv, balki har bir o‘zbekistonlik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadigan, O‘zbekistonni global taraqqiyot yo‘liga dadil olib kiradigan tarixiy voqeadir.

Sherali Mamadetsoyev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring