O‘zbekiston GovTech indeksida kuchli o‘ntalikka kirdi
Raqamli sakrash: O‘zbekiston GovTech indeksida 71 pog‘ona yuqorilab, dunyoning TOP–10 davlati qatoridan joy oldi.
Jahon banki tomonidan e’lon qilib boriladigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksi (GovTech Maturity Index, GTMI2025) natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 9-o‘rinni egalladi.
2020 yilga nisbatan mamlakatimiz 71-pog‘onaga yuqorilab, indeks qiymatini 0,617 dan 0,958 ga yetkazdi. Natijada O‘zbekiston A guruhi — «Govtech yuqori darajadagi yetukligi» (Extensive GovTech Maturity) toifasida o‘z o‘rnini mustahkamladi.
Indeks davlat boshqaruvida raqamli transformatsiya darajasini to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha baholaydi: asosiy davlat tizimlari, onlayn davlat xizmatlarini ko‘rsatish, fuqarolarning raqamli ishtiroki hamda GovTech rivojlanishini qo‘llab-quvvatlovchi omillar.
2025-yilgi natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, reytingda yuqori o‘rinni egallagan TOP-10 mamlakatlar – Janubiy Koreya, Avstraliya, Hindiston, Kanada kabi davlatlar qatoridan joy oldi.
Shuningdek, GTMI natijalari O‘zbekistonning so‘nggi yillarda izchil o‘sish dinamikasini yaqqol namoyon etadi. Xususan, 2020-yilda mamlakatimiz 80-o‘rinda (0,617 ball) qayd etilgan bo‘lsa, 2022-yilda 43-o‘ringa (0,813 ball) ko‘tarilgan, 2025-yilda esa 9-o‘rinni (0,958 ball) egalladi.
Mazkur ko‘rsatkichlar mamlakatimizda davlat boshqaruvini raqamlashtirish, elektron davlat xizmatlarini keng joriy etish hamda fuqarolar uchun qulay va samarali raqamli davlat tizimini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yana bir bor tasdiqlaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter