Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston haqidagi rolikda Amir Temur qonxo‘r bosqinchi deb ta’riflandi

O‘zbekiston haqidagi rolikda Amir Temur qonxo‘r bosqinchi deb ta’riflandi

Bir qator xorijiy videoblogerlar O‘zbekiston haqida badiiy videorolik tayyorlashdi va unda Amir Temurni qonxo‘r bosqinchi deb ta’riflashdi.

Ushbu videorolik Turizm va sport vazirligining Feysbukdagi rasmiy sahifasida ommaga e’lon qilindi. Rolik Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida suratga olingan. Unda Hollivudning taniqli kinoqahramonlari yangicha talqinda gavdalantirilgan: Indiana Jons, Lara Kroft va noma’lum (Natan Dreyk). Ular qabr va xazinalarga qiziqadigan qadimshunos kino obrazlaridir.

Rolik syujeti Amir Temur shaxsi va 1941 yilda uning qabri ochilishi oqibatida ikkinchi jahon urushi boshlangani haqidagi afsona bilan avj oladi. «Timur Tamberlan — dunyodagi eng mashhur bosqinchilardan biri bo‘lib, u haqidagi barcha hikoyalar qonli daryolar bilan tugaydi. Uning qo‘lidan 17 milliondan ortiq odam halok bo‘lgan, 14-asrga kelib u yer yuzidagi barcha aholining 5 foizini qirib tashlagan. U «o‘lim otasi» sifatida ham tanilgan», degan ta’riflar bilan rolik boshlanadi.

Amir Temurning bunday salbiy sarkarda sifatida ta’riflanishi o‘zbek ziyolilari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Xususan, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron: «Nahotki O‘zbekistonni dunyo odamlariga tanitish uchun o‘zbek milliy davlatchiligining timsollaridan biriga aylangan Sohibqiron bobomizni yerga urish, toptash kerak bo‘lsa?!», deb e’tirozini yashira olmagan.

Rolik ostidagi izohlarda asosan xorijliklar syujet va aktyorlar mahoratini maqtagan, Amir Temur shaxsiyatiga to‘xtalishmagan (balki ularga bu qiziq bo‘lmagani uchundir), ammo o‘zbek foydalanuvchilar dunyoga millatni bunday salbiy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirishni qoralab chiqishgan.

Bu holatga hozircha Turizm va sport vazirligi izoh berganicha yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring