O‘zbekiston JSTga a’zolik yo‘lida Shveysariya bilan ham muzokaralarini yakunladi

21-iyul, dushanba kuni O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish borasida Shveysariya bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda Prezidentining Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
Urunovning yozishicha, tomonlar Jenevada O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayoni doirasida Shveysariya bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokolni imzolagan.
«Yakuniy ro‘yxatga JSTning yana bir a’zosi qo‘shildi. Yana bir nechta a’zolar qoldi!
O‘zbekiston va Shveysariya jamoalarining mashaqqatli va konstruktiv mehnatlari uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildirmoqchiman!
Uzoq ro‘yxat tugadi, ortga sanash boshlandi!» – deb yozadi Azizbek Urunov o‘zining LinkedIn’dagi sahifasida.
Shu tariqa, Shveysariya O‘zbekiston bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokolni imzolagan 25-davlat bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni yuzasidan Buyuk Britaniya bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagani xabar qilingan edi.
Shuningdek, may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev yil oxirigacha qolgan 9 ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash, ishchi guruhning yana ikkita yig‘ilishini o‘tkazish va uning yakuniy hisoboti loyihasini tayyorlashni yakunlash bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter