O‘zbekiston U17 terma jamoasi bilan xayrlashgan Islombek Ismoilov muxlislarga murojaat qildi
O‘zbekiston U17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov Qatardagi jahon chempionati 1/8 finalida Italiyaga (2:3) qarshi o‘yindan keyin muxlislarga murojaat qildi.
«Bugun Jahon chempionatidagi ishtirokimizni yakunladik. Shu bilan uch yil yuragim bilan xizmat qilgan U17 terma jamoamizning ham faoliyati nihoyasiga yetdi. Bu yo‘l men uchun shunchaki ish emas edi — bu sharaf, mas’uliyat va Alloh bergan sinov bo‘ldi. Uch yil davomida biz bu jamoa bilan mashaqqatli mashg‘ulotlar, quvonchli g‘alabalar, og‘ir mag‘lubiyatlar bilan yonma-yon bordik. Yaxshi kunlarda ham, yomon kunlarda ham birga edik», — deb yozdi murabbiy.
Islombek Ismoilov 2025-yil aprelida O‘zbekiston U17 terma jamoasi bilan Osiyo chempioni bo‘lganini esladi.
«Osiyo chempionligi — bu avlodning matonati va mehnati. 2025-yilda Osiyo chempioni bo‘lish — bu bolalarimizning jasorati, mehnati va intilishi. Bu natija O‘zbekiston futboli tarixiga oltin harflar bilan yozilib bo‘ldi. Hech qachon unutmayman: har bir mashg‘ulotda, har bir turnirda biz O‘zbekiston bayrog‘ining sha’nini himoya qildik. Har bir o‘yin oldidan bitta fikr bo‘lardi: Bu Vatan uchun jon fido.
Hech kimning ismini, klubini yoki tanish-bilishchiligini emas, faqat mehnatini, xarakterini, munosibligini tanladim. Terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi bunga haqli edi. Shu qarorlarim uchun bugun ham, ertaga ham boshim baland», — dedi Islombek Ismoilov.
Islombek Ismoilov o‘zini qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga, O‘FA rahbariyatiga, yordamchilariga, futbolchilarga minnatdorlik izhor qildi: «Bu yakun — bir eshikning yopilishi emas. Bu yangi bosqichning boshlanishi. Bugun mening yo‘lim bu jamoa bilan tugadi».


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter