O‘zbekiston va Gruziya turizmni media orqali birgalikda targ‘ib qiladi
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov boshchiligidagi delegatsiyaning Gruziyaga rasmiy tashrifi doirasida Gruziya Jamoat teleradiokompaniyasi Bosh direktori Tinatin Berdzenishvili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda ikki mamlakatning turistik salohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish, qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish hamda axborot sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Gruziyaning boy madaniy merosi, ko‘p asrlik tarixi, milliy taomlari, betakror tabiati, vinochilik an’analari hamda Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasiga oid merosini xalqaro auditoriyaga ta’sirchan media mahsulotlar orqali namoyish etish muhimligini qayd etdilar.
Uchrashuv davomida Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi mashhur turistik markazlar, shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlarini targ‘ib qilishga qaratilgan maxsus teledasturlar, hujjatli filmlar, reportajlar va zamonaviy raqamli videokontentlar tayyorlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bunday loyihalar ikki mamlakatning turistik brendini xalqaro maydonda yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, gruziyalik jurnalistlar, televideniye ijodiy guruhlari va mashhur blogerlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab info-turlar tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar turistik mavzudagi videomateriallar, teleloyihalar va ko‘rsatuvlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ularni milliy telekanallar hamda raqamli platformalar orqali o‘zaro targ‘ib qilish masalasida ham hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Shu bilan birga, turizm forumlari, xalqaro ko‘rgazmalar, madaniy festivallar va boshqa yirik tadbirlarni birgalikda yoritish orqali ikki mamlakatning turistik jozibadorligini yanada oshirish yuzasidan fikr almashildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter