O‘zbekistonda biznes muhiti indeksi 13 bandga yuqoriladi – ITIM

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) respublika bo‘yicha tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar asosida joriy yilning may oyi uchun biznes muhiti tahlilil natijalarini taqdim etdi. o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda biznes klimati iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida yaxshilangan. Eng katta ijobiy o‘zgarishlar sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasida kuzatilgan. Shu bilan birga, qurilish sohasida sezilarli o‘zgarishlar qayd etilmagan bo‘lib, bu sektor barqaror holatda qolmoqda.
May oyida biznes muhiti indeksi 61 bandni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 bandga yuqoriladi. Bu esa mamlakatda biznes muhitiga bo‘lgan ishonch uzoq muddatli istiqbolda mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Joriy holat indeksi 49 bandni tashkil etib, o‘tgan yilning may oyiga nisbatan 16 bandga o‘sdi. Ushbu biznes muhiti indeks tadbirkorlarning mamlakatdagi sotuvlar hajmi, bandlik darajasi, talab, resurslardan foydalanish hamda faoliyat muhitining barqarorligi kabi real vaziyat vabiznes yuritish shartlari haqidagi tasavvuralarini ifodalaydi.
Shu bilan birga, biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi 9 bandga oshib, 74 bandni tashkil etdi. Bu esa tadbirkorlar orasidagi barqarorlikka bo‘lgan ishonch kuchayganini ko‘rsatadi.
2025 yil may oyi yakunlariga ko‘ra, sanoatda biznes muhiti indeksi sezilarli o‘sishni ko‘rsatmoqda.
Indeks o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33 bandga yaxshilanib, 70 bandni tashkil etdi. Joriy holat indeksi o‘tgan yilga nisbatan 41 bandga oshib, 20 banddan 61 bandga o‘sdi. Shuningdek, istiqboldagi kutilmalar indeksi ham 23 bandga oshib, 79 bandni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkichlar sanoatda tadbirkorlik faoliyati uchun sharoitlar yaxshilanganini va ishonch darajasi yuqori ekanini tasdiqlaydi.
Qishloq xo‘jaligida ham barqaror o‘sish qayd etildi. May oyida biznes muhiti indeks 6 bandga yaxshilanib, 58 bandga yetdi. Joriy holat indeksi 17 bandga oshib, 31 banddan 48 bandga yetdi, bu esa qishloq xo‘jaligi korxonalarining pozitsiyasi mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Biroq, istiqboldagi kutilmalar indeksi biroz pasayib, 74 banddan 68 punktga tushdi, bu esa qishloq xo‘jaligida ma’lum ehtiyotkorlik mavjudligini anglatadi. Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi hozirgi paytda ijobiy o‘zgarishlarni namoyon etmoqda, shu bilan birga tadbirkorlar ehtiyotkorlik bilan optimistik kayfiyatni saqlab qolmoqda.
Xizmatlar sohasida biznes muhiti may oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 bandga yaxshilanib, 60 bandni tashkil etdi. Joriy holat indeksi 5 bandga o‘sib, 46 bandga yetdi. Shu bilan birga, korxonalarning kutilmalari ham sezilarli darajada o‘sdi — eng katta o‘sish istiqboldagi kutilmalar indeksida 13 bandga oshib, 76 bandga yetdi. Bu xizmatlar sohasida ishonch va o‘sishga bo‘lgan optimizmni aks ettiradi.
Qurilish tarmog‘ida biznes muhiti may oyida barqaror holatda saqlanib, 57 bandni tashkil etdi — bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning may oyidagi natijaga mos keladi.
Joriy holat indeksi biroz pasayib, 37 bandni tashkil etdi, bu, asosan, faollikning mavsumiy susayishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, kutilmalar indeksi 1 bandga oshib, 79 bandga yetdi.Umuman olganda, qurilish tarmog‘i mavjud o‘zgarishlarga nisbatan barqarorlik va moslashuvchanlikni ko‘rsatmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekistonda biznes muhiti ijobiy dinamikani ko‘rsatmoqda, ko‘plab tarmoqlarda ishbilarmonlik faoliyatining barqaror o‘sishi kuzatilmoqda. Ayniqsa, sanoat va qishloq xo‘jaligi eng katta optimizmni ko‘rsatmoqda, xizmatlar sohasi esa o‘rtacha o‘sishni saqlab turibdi.
O‘zbekiston biznes muhiti indeksi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan sanoatning turli tarmoqlaridagi 1000 dan ortiq korxonalarda o‘tkazilgan so‘rovlar asosida hisoblab chiqiladi. Biznes muhitining o‘zgarishi indekatori IFO instituti (Germaniya) metodologiyasiga asoslangan bo‘lib, ishlab chiqarish, talab, va boshqa ko‘rsatkichlar dinamikasi asosida tadbirkorlik faoliyatidagi biznes muhitiga berilgan baho va kutilayotgan o‘zgarishlarni aks ettiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter