Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yuqori texnologik xab yaratiladi

O‘zbekistonda yuqori texnologik xab yaratiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentlar kelgusi uch yilga O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish muhimligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning barcha sohalari va yo‘nalishlarini qamrab olgan alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

— Keng delegatsiyangiz bilan O‘zbekistonga amalga oshirayotgan davlat tashrifingizni yurtimiz va mintaqamiz bilan ko‘p qirrali hamkorlik rivojiga katta e’tiborning yana bir tasdig‘i sifatida qabul qilamiz, — dedi Prezidentimiz.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning jadal va innovatsion rivojlanishida asosiy sheriklardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda energetika, kimyo, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat va boshqa sohalarda 726 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Koreya investitsiyalarining hajmi 7,5 milliard dollardan oshdi, o‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard dollarga yetdi.

Muzokaralar chog‘ida kelgusi 3 yil uchun O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari buni “Ikki mamlakatning yuqori texnologiyali va innovatsion hamkorligining yangi davri” deb e’lon qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Shu munosabat bilan hukumatlarga O‘zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xab yaratish bo‘yicha strategik dasturni tayyorlash topshirildi.

Ayni paytda strategiyaning tub yo‘nalishlari sifatida bir qator ustuvor sohalarda hamkorlik qilish taklif etildi.

Birinchidan, o‘ta muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlik. Bu resurs bazasini chuqur qayta ishlagan holda qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirini yaratishni nazarda tutadi.

Ikkinchi. Koreya Respublikasi an’anaviy ravishda global yetakchilardan biri hisoblangan yarimo‘tkazgichlar sohasida strategik hamkorlik. Bu borada mamlakatimizda mintaqada birinchi yaxlit ilmiy-ishlab chiqarish klasterini barpo etish rejalashtirilgan.

Uchinchi. Kimyo sanoatida keng ko‘lamli hamkorlik. “Yashil” vodorod va ammiak ishlab chiqarish, shuningdek, tayyor rezin-texnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar tayyorlangan.

To‘rtinchi. Mashinasozlikda kooperatsiyani chuqurlashtirish. Joriy yil bahorida Jizzax viloyatida KIA avtomobillarini yig‘ish liniyasini ishga tushirildi. Kelgusi yilda yiliga 60 mingdan ortiq sedan ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilgan.

Beshinchi. “Aqlli” qishloq xo‘jaligini yaratishga texnologiyalarni jalb qilish, shu jumladan, agrar tarmoqni raqamlashtirish, "aqlli" va "yashil" texnologiyalarni joriy etish.

Mamlakatimiz hududlarida qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari va bog‘dorchilik majmualarini barpo etish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Oltinchi. Infratuzilmani modernizatsiya qilish va shaharsozlik dasturi. Koreya banklari va kompaniyalarining transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida turar-joy va tijorat ob’yektlarini loyihalashtirish va qurishga qiziqishi yuqori ekani ta’kidlandi.

Yettinchi. Zamonaviy va xavfsiz energetika. “Yashil” energetika va energiya samaradorligini oshirish sohasida istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish uchun tomonlar energetika vazirlari darajasida strategik muloqotni qayta tiklashga va uning navbatdagi yig‘ilishini yaqin orada O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib oldilar.

Koreya Eksimbanki va EDCF jamg‘armasi bilan sheriklik muvaffaqiyatli bo‘layotgani mamnuniyat bilan qayd etildi, ular bilan qo‘shma loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshgan.

EDCF jamg‘armasi doirasida 2 milliard dollarlik yangi loyihalar, jumladan, yuqori tezlikdagi elektr poyezdlarni yetkazib berish, "Toshkent Farma Park" loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish va ta’lim muassasalarini jihozlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Hozirgi sammitga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha 9,6 milliard dollarlik yangi loyihalar portfeli shakllantirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Prezidentlar madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar.

Samarali sheriklikning yaqqol misoli Koreya tomoni bilan hamkorlikda qurilgan zamonaviy ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi hisoblanadi.

Muzokaralar chog‘ida kattalar uchun shifoxona va onkologik klinikani o‘z ichiga olgan tibbiy klaster loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, Koreyaning ixtisoslashtirilgan markazlarida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishga tushiriladi.

Ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. O‘tgan yilning martida birinchi O‘zbekiston-Koreya rektorlari forumi bo‘lib o‘tdi. Kelgusi yili navbatdagi uchrashuv o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda Koreya fan va texnologiyalari instituti (KAIST) modeli asosida institut tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Koreya Davlat boshqaruvi instituti va Milliy inson resurslari instituti bilan hamkorlikda Toshkentdagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt o‘quv markazini ochish rejalashtirilgan.

Koreyalik mutaxassislarni jalb qilgan holda koreys tilini o‘rganish dasturlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

KOICA ko‘magida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz, Farg‘ona va Urganchda ochilgan professional ta’lim markazlarida o‘zbekistonlik fuqarolar muvaffaqiyatli tayyorlanayotgani qayd etildi.

Koreya tomoni moliyaviy-texnik ko‘makni jalb qilgan holda bunday markazlar tarmog‘ini O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham ochishga tayyorligini bildirdi.

Ikki xalqni yanada yaqinlashtirish maqsadida kelgusi yilni “O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilish va o‘zaro madaniy tadbirlarni o‘tkazish taklif qilindi.

Bundan tashqari, 2027 yilda O‘zbekistonda koreys diasporasi istiqomat qilayotganining 90 yilligi keng nishonlanadi.

Prezidentlar bu tarixiy sanaga atab Toshkent shahridagi Koreys madaniyati va san’ati uyida muzey va kutubxona ochishga kelishib oldilar.

Davlatimiz rahbari "Elektron hukumat"ni rivojlantirishda, "Raqamli O‘zbekiston" strategiyasini ishlab chiqishda, IT-park salohiyatini mustahkamlashda va "U-Enter" biznes inkubatorlarini yaratishda Koreya tomonining katta hissasini qayd etdi.

Bu borada tomonlar sun’iy intellekt, biznes jarayonlarini autsorsing qilish va raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, ekologiya, mehnat migratsiyasi va boshqa muhim yo‘nalishlarda aniq takliflar ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq muddatlar va amalga oshirish mexanizmlari belgilangan "yo‘l xaritalari"ni qabul qilishga topshiriq berdilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring