Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan IT-kompaniyalar zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi

O‘zbekistonga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan IT-kompaniyalar zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi

Foto: «Mitc.uz»

Bugun, 24-mart kuni Toshkent shahridagi «Congress Hall»da Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi.

Forumda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ham ishtirok etib, O‘zbekistonni raqamli rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar hamda xorijiy investorlar, jumladan, xorijiy IT-kompaniyalar uchun yaratilayotgan imkoniyat va istiqbollar haqida gapirdi.

Bugun dunyo to‘rtinchi sanoat inqilobi ostonasida turibdi. Shuni hisobga olib, respublikada «Sanoat 4.0» rivojlantirish bosqichiga o‘tish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi kabi jadal rivojlanayotgan mamlakatlar uchun raqamlashtirish o‘sishning yangi dvigatelini topish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun misli ko‘rilmagan imkoniyat yaratadi. Shu maqsadda hududlar va tarmoqlarni raqamli rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasi qabul qilindi.

O‘z nutqida Sherzod Shermatov O‘zbekistonni xorijiy IT-kompaniyalar va IT-mutaxassislar uchun jozibador qiladigan asosiy afzalliklarni qayd etdi.

AKT vazirining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston inson kapitali ko‘rinishidagi qimmatli boylikka ega. Ayni paytda O‘zbekistonda 35 million aholi istiqomat qilsa, shundan 18 millioni, ya’ni umumiy aholining 60 foizdan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Dastlabki prognozlarga ko‘ra, 2030-yilga borib O‘zbekiston aholisi 40 million kishiga yetadi, agar bu tendensiya davom etsa, umumiy aholining 24 millionini yoshlar tashkil qiladi.

Bu aholining ko‘pchiligi mehnatga layoqatli yoshda bo‘lgan demografik dividend bosqichi, deb ataladi. Shu bilan birga, mehnatga layoqatli aholi savodli va kamida ikkita chet tilini (ingliz va rus) biladi.

«Bugungi kunda yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 2000-yillarda O‘zbekistonda yuzga yaqin IT-mutaxassis bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 50 mingga yetdi. 2030-yilga borib ularning sonini bir million kishiga yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifa qo‘yildi», — dedi AKT vaziri.

IT-mahsulotlar va xizmatlar eksporti izchil ortib bormoqda. Xususan, 2021-yil yakuniga ko‘ra, IT-eksport hajmi 46 million dollarga yetdi, bu 2020-yilga nisbatan (16 million dollar) ikki baravar ko‘pdir. Joriy yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 100 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda, 2028-yil oxirigacha esa ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Asosiy IT-eksport bozorlari: AQSh (83,3 foiz), Buyuk Britaniya (5,2 foiz), Rossiya (3,2 foiz), Koreya Respublikasi (2,1 foiz) va BAA (1,1 foiz).

Muhim afzalliklar qatorida IT-biznes uchun imtiyozlarni ham qayd etish mumkin. O‘zbekistondagi IT-kompaniyalarga bir qator soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilmoqda. Xususan, IT-park rezidentlari — IT-kompaniyalar 2028-yilgacha barcha korporativ soliqlardan ozod qilingan. IT-kompaniyalar eksport faoliyatini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan xodimlar bilan xorijiy valyutada hisob-kitob qilish imkoniyatiga ega.

IT-park rezidentlari qayerda joylashgan bo‘lishidan qat’i nazar, butun mamlakat bo‘ylab o‘z faoliyatini amalga oshirishlari mumkin. Shuningdek, ishlash uchun ruxsatnoma olish tartibi ham bekor qilingan.

Xorijiy IT-kompaniyalar va mutaxassislar uchun yanada katta qulayliklar yaratish maqsadida «IT-viza» berish tartibi tasdiqlandi. «IT-viza» olish uchun minimal miqdordagi hujjatlar talab qilinadi va bu jarayon 3 kun davom etadi. O‘zbekistonga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan IT-kompaniyalar ham zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, O‘zbekistonning mintaqadagi qulay geografik o‘rni, bu tufayli respublika Markaziy Osiyodagi bog‘lovchi IT-xabga aylanishi mumkinligini ham ta’kidlash lozim.

Xususiy IT-sektor jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Bugungi kunda IT-park 500 dan ortiq rezidentlarga ega, ularning 15 foizi yirik global va mahalliy kompaniyalardir. 2025-yilga borib yirik va o‘rta IT-kompaniyalarni faol jalb qilgan holda rezidentlar sonini ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Axborot texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.

«IT-ta’lim mutaxassislarni tayyorlash bozor o‘sishi va farovonlik uchun yetarli ishchi kuchi bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Shu bois O‘zbekiston ta’limga, ayniqsa, IT-ta’limga katta kuch sarflamoqda. Sifatli ta’limsiz belgilangan maqsad va vazifalarga erishib bo‘lmaydi», — dedi Sherzod Shermatov.

Soha rahbari o‘z nutqida BPO (Business Processes Outsourcing) va KPO (Knowledge Process Outsourcing) xizmatlarini rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishga ham to‘xtaldi. Shu nuqtai nazardan, IT-park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy BPO kompaniyalari o‘zlariga taqdim etilgan imtiyozlardan foydalanishlari va O‘zbekistondan IT-mutaxassislarni raqobatbardosh shartlarda jalb etishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, ular O‘zbekistonda o‘z bizneslarini kengaytirish uchun ofis xonalari va jihozlar, kamida olti oylik ijara haqi, kommunal xizmatlar, internetga ulanish xarajatlari ko‘rinishida investitsiyalar bilan ta’minlanishi mumkin. BPO kompaniyalari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan BPO maktablari ham yaratilmoqda.

Yakunda Sherzod Shermatov O‘zbekistonda o‘z faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan barcha investorlar va xorijiy IT-kompaniyalarga amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring