O‘zbekistonga pensiya yoshini oshirish tavsiya qilindi
Jahon banki O‘zbekistonga uzoq muddatli istiqbolda pensiya yoshini oshirishni tavsiya qildi. Bu boradagi tavsiya hukumat so‘rovi bilan tayyorlangan hisobotdan o‘rin olgan.
Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekistondagi demografik o‘zgarishlar va qariyalar sonining ko‘payishi pensiya tizimiga bosim ko‘rsatmoqda. Buning ortidan esa pensiya tizimini isloh qilish zaruriyati kelib chiqmoqda.
«O‘zbekiston pensiya yoshi ayollar uchun 55, erkaklar uchun 60 yosh bo‘lgan sobiq ittifoq mamlakatlari ichidagi yagona davlat hisoblanadi. 1990 yillardagi o‘tish davri islohotlari vaqtida ko‘plab mamlakatlar pensiya yoshini 2-3 yilga oshirdilar», deyiladi hisobotda.
Qayd etilishicha, ayrim davlatlar ayollar va erkaklarning pensiya yoshini bosqichma-bosqich tenglashtirishga kirishishmoqda. Estoniya, Latviya, Litva va Ozarbayjon ayollar va erkaklar uchun pensiya yoshini 65 yoshga oshirmoqda.
«2025 yildan boshlab pensiya yoshini sekin 65 yoshgacha oshirishni nazarda tutuvchi 2021-2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy ijtimoiy himoya strategiyasi doirasida qaror qabul qilish eng yaxshi variant bo‘ladi. Kelgusida bu demografik o‘zgarishlar bosimini kamaytirib, mehnatga layoqatli va pensiya yoshi o‘rtasidagi chegarani asta-sekin o‘zgartiradi. Ishchi kuchining demografik o‘sish salohiyati tugagunga qadar (2040 yillarning o‘rtalarida) buni amalga oshirish uchun mamlakatda vaqt bo‘lishi juda muhim, chunki bu milliy raqobatbardoshlik masalasidir», deya tafsiya qilgan Jahon banki.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter