O‘zbekistonlik qizlar ilk marotaba «Technovation» tanlovi xalqaro finaliga yo‘l olishdi
«Technovation Challenge» qizlar tanlovida O‘zbekiston jamoasi ilk bor xalqaro finalda ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning 25-may kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida «Technovation Uzbekistan» tanlovining 2018-yil mavsumidagi yakuniy tadbiri «Celebration Event» bo‘lib o‘tgan va unda O‘zbekiston nomidan jahon chempionati yarim finaliga chiqqan jamoalar nomi e’lon qilingandi.
20-iyun kuni jahon chempionatining yarim finali o‘tkazilib, unda butun dunyo bo‘ylab eng yaxshi 12 jamoa aniqlandi. Quvonarlisi, ular orasida O‘zbekistonning «Generation Z» jamoasi ham bor. Endi o‘zbekistonlik qizlar o‘zlarining «ELIST» loyihasi bilan AQShning Kaliforniya shtatida bo‘lib o‘tadigan final bosqichida ishtirok etadilar.
Tanlovning final bosqichi shu yilning 6-10-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston jamoasining video-pitchini ushbu havolada ko‘rish mumkin.
Jamoa a’zolari: Muslima, Sevinch, Tamila, Faringiz. Ular Toshkentdagi maktablar o‘quvchilari.
Mentorlar: Charos Shavkatova, Muazzamxon Yusupova.
IT-mentorlar: Dostonxon Ozodxo‘jayev va Mirkamol Hamidov.
«ELIST» loyihasi haqida: Ushbu dastur oilalarda gender tengligiga bag‘ishlangan. U oilada uy ishlarini o‘g‘il va qizlarga teng taqsimlashga yordamlashadi.
«Technovation» tanlovi statistikasi:
- Tanlovda dunyoning turli burchaklaridan 2 000dan ziyod jamoa ishtirok etdi;
- O‘zbekistondan 29 jamoa tanlovga loyihalarni topshirdi;
- O‘zbekistonning 6 jamoasi xalqaro yarim finalga yo‘l oldi;
- jamoalarimiz AQSh, Ispaniya, Meksika va dunyoning boshqa mamlakatlari jamoalari bilan raqobatlashdi;
- O‘zbekistonning bir jamoasi (10-15 yosh) finalga yo‘llanma oldi.
Barcha finalchilar ro‘yxati bilan ushbu havolada tanishish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, «Technovation Challenge» xalqaro tanlovi 2010-yildan buyon dunyoning qariyb 80 mamlakati, jumladan, ikki yildan buyon O‘zbekistonda ham o‘tkazib kelinmoqda. Bu texnologik ishlanmalar tanlovi bo‘lib, uning doirasida qizlar jamoalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Jamoalar ustoz va murabbiylar rahbarligida dolzarb muammoni aniqlashi, uning yechimi bo‘yicha ilova yaratishi, loyihaning tijoriy amalga oshirilishi uchun zarur kompaniyaga asos solishi lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter