Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning ilk milliy musiqa platformasi — OHANG ishga tushdi!

O‘zbekistonning ilk milliy musiqa platformasi — OHANG ishga tushdi!

O‘zbekiston musiqiy madaniyati tarixida yangi sahifa ochildi. Bugungi raqamli asrda milliy o‘zlikni saqlash va uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish masalasi har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.  O‘zbekiston milliy musiqasiga bag‘ishlangan ilk yirik raqamli platforma — OHANG foydalanishga topshirildi.

Bu loyiha davlat va texnologiyaning madaniy merosni asrash yo‘lidagi noyob hamkorligining namunasi bo‘ldi. Platforma orqali endi nafaqat O‘zbekiston aholisi, balki butun dunyo ahli o‘zbek musiqasining boy va rang-barang xazinasidan erkin bahramand bo‘lishlari, uni yuklab olishlari hamda o‘z ijodiy loyihalarida erkin foydalanishlari mumkin.

Loyihaning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 1-iyun kuni o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlaganidek, milliy madaniy meros shunchaki o‘tmish yodgorligi emas. Bu bizning bugunimiz, o‘zligimiz va kelajakni barpo etishdagi kuchli motivatsiyamizdir. "Biz o‘z tariximizni faqat muzeylarda saqlab qolmasdan, balki uni zamonaviy vositalar orqali hayotga, ayniqsa, yoshlar ongiga yanada kengroq olib kirishimiz shart", dedi davlat rahbari.

OHANG platformasi o‘z ichiga bir nechta yo‘nalishlarni olgan bo‘lib, ularning har biri milliy musiqa madaniyatimizni turli rakurslardan ochib beradi:

Platformada o‘zbek milliy musiqa cholg‘ulari — dutor, tanbur, g‘ijjak, rubob, chang, nay kabi ko‘plab asboblarning ovozlari, ularning yaratilish tarixi, tayyorlash texnologiyalari va o‘ziga xos xususiyatlari haqida batafsil ma’lumotlar jamlangan.

Xalqimizning sevimli hofiz va sozandalari, folklor ansambllari tomonidan ijro etilgan, ilgari faqat tor doiradagi mutaxassislar uchun ochiq bo‘lgan noyob audio va video yozuvlar endi keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilmoqda.

O‘zbek musiqashunosligiga oid ilmiy maqolalar, monografiyalar va tadqiqot natijalari platformada alohida bo‘lim sifatida taqdim etilgan. Bu tadqiqotchilar uchun qimmatli manba vazifasini o‘taydi.

Yosh avlodni milliy musiqaga qiziqtirish va ularni ushbu sohada o‘qitish uchun mo‘ljallangan interaktiv o‘quv qo‘llanmalari, master-klasslar va viktorinalar ham loyiha tarkibiga kiritilgan.

Loyihaning dastlabki bosqichida tadqiqotchilar guruhi Toshkent viloyati va Toshkent shahri bo‘ylab ilk ilmiy ekspeditsiyani o‘tkazdilar. Ekspeditsiya davomida hududda saqlanib qolgan 24 ta noyob milliy musiqa asbobining ovozi va ijro uslubi yozib olindi. Hozirda platformaga 200 dan ortiq kuy va qo‘shiqlar joylashtirilgan.

OHANG platformasi nafaqat tarixiy yozuvlarni saqlash vositasi, balki yangi ijodiy g‘oyalar va loyihalar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. U orqali o‘zbek milliy musiqasi zamonaviy kino san’ati, musiqiy kompozitsiyalar, radio va televideniye ko‘rsatuvlari, shuningdek, boshqa raqamli tashabbuslarda keng foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

OHANG platformasining ishga tushishi O‘zbekiston musiqiy merosining raqamli transformatsiyasida muhim qadam bo‘lib, u milliy madaniyatimizni yanada ommalashtirish va uni dunyo hamjamiyatiga kengroq tanitishga xizmat qiladi. Siz ham ushbu bebaho xazinaga OHANG.uz sayti orqali sayohat qiling!

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring