Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning «oltin sandiqchasi»dagi uchrashuvlar

O‘zbekistonning «oltin sandiqchasi»dagi uchrashuvlar

Haq-huquqni bilish — o‘zlikni anglash sari mustaqim va mustaqil yo‘ldir. Konstitutsiyaga e’tibor insonning avvalo, o‘ziga, oilasiga, farzandu nevaralarining istiqboliga e’tibor demakdir.

Jaloliddin Rumiydan «Bu dunyoga kelib nimani bildingiz?» — deb so‘raganlarida «haddimni bildim» deb javob bergan ekan. Had-hudud bu haq-huquq demakdir. Inson aslini, naslini, umr faslini ham baxt qomusidan topadi. Shuning uchun ham vatandoshlarimiz konstitutsion o‘zgarishlarga befarq emas.

Har qanday g‘oya omma ongiga chuqurroq singdirilsagina, qudratli kuch kasb etadi. Davlatimiz rahbarining «ma’naviyat — eng ta’sirchan qudratli qurolimiz» deganlarida ham ana shu haqiqat bor.

«Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi» kitobi bunday aforizm bilan boshlanadi: «Dunyoda hech qachon bir xil tong otgan emas». Darhaqiqat, zamon shiddatkor ekan, inson ongu tafakkurida ham evrilishlar, yashash tarzida ham o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Jamiyatning, mahallaning hatto, oilaning ham o‘ziga xos tartib tizginlari bo‘ladi. Buni bilish va amal qilishning ham xosiyati katta.

Bir guruh ziyolilardan tarkib topgan targ‘ibotchilar professor Abduxalil Mavrulov boshchiligida o‘z safarini Navoiy viloyatidan boshlashdi. «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyatining rahbari Baxtiyor Husanov maxsus tuzilgan jadvalni e’lon qilarkan, referendum va konstitutsiyaga kiritilgan yangilik va  o‘zgarishlarni keng jamoatchilikka sodda va ravon tarzda, yuksak notiqlik mahorati va yetuk bilim bilan yetkazish zaruratini ta’kidladi. Biz tushgan guruh iqtidorli olimlar Dilorom Bobojonova, Feruza Akromova, Munira  Qahhorova, Muzaffar Ortiqov, Sayyora To‘ychiyeva, Mavluda G‘afforova, Olim Toshboyev, Davron Muitov, Gulnora Axmedova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar  Gulbahor Erqulova, Abdulla Shomag‘rupov va umidli yosh san’atkorlardan Rustam Mirminov, Xurshid Sobirov va boshqalar bor.

Dastavval, O‘zbekistonning oltin sandiqchasi sifatida e’tirof etiluvchi Zarafshon shahrida bo‘ldik. Turli jamoa korxonalari,  ta’lim muassasalari va mahallalarda bo‘ldik. Mahalliy aholining kelajakka ishonch, vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgani bizni ham g‘ururlantirdi. Bu esa, Asosiy qonunimiz — Konstitutsiyaga, referendumga befarq emasligining belgisidir. Qaysi yoshda, qaysi sohada, qaysi kasbda ishlamasin, qaysi millat vakili bo‘lmasin barchasida xuddi shu tuyg‘u hukmron. Yaxshilanish badaliga bo‘lgan yangilanish yangi tahrirdagi konstitutsiyaga ruh va mazmun baxsh etgani, bu esa inson qadri va sha’nini ulug‘lashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Yangi O‘zbekistonning ruhi va shukuhi boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.

Zarafshondagi 12-sonli Jazoni ijro etish muassasasida bo‘ldik. Jazo muddatini o‘tayotgan ayrim mahkumlar bilan suhbatlashdik. «Men yo‘l qo‘ygan xatolarim, aybim sabab bu yerda o‘tirarkanman, umrimni sarhisob qildim,  — deya so‘z boshladi mahkumlardan biri Muhiddin Shoyev. — 20 yilga ozodlikdan mahrum qilinganman, hozir uni 18 yilini o‘tadim. Ko‘p pushaymonman. O‘zim asli Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilganman. Ota-onamning qadriga yetmadim, ularga xizmat qila olmadim, o‘z qo‘lim bilan qabrga ham qo‘ya olmadim. O‘tib ketishdi. Qanchadan-qancha yaqinlarimning to‘y hashamlarida bo‘lolmadim. Afsusdaman.  Gazeta va jurnallar orqali mamlakatimizning yildan-yilga o‘zgarib, rivojlanib borayotganini eshitib quvonaman. Yangi konstitutsiyada bizlarga daxldor ma’lumotlar bor. Ular adashganlari, jinoyati sabab  o‘z jazosini o‘tayotgani aniq. Inson qadri va sha’nini ulug‘lash siyosatining ustuvorligi shundoqqina sezilib turibdi. Farzandlarim, yaqinlarim bilan ko‘rishib, qo‘ng‘iroqlashib turishimga imkon yaratilgan. Men o‘z huquqlarimni, aniqrog‘i, konstitutsiyani bilganimda va bilib amal qilganimda bu yerda o‘tirmagan bo‘lardim. Faqatgina men emas, bu yerda jazo muddatini o‘tayotgan ko‘pchilik shunday fikrda. Biz ham referendumga befarq emasmiz» . So‘ngra u  o‘zi yozgan ozodlik, konstitutsiya  hamda ona vatanga bag‘ishlangan she’rlaridan o‘qib berdi.

So‘ngra «Xalq konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari» shiori ostida pedagog va mahalla faollari jam bo‘lgan ta’lim muassasasiga kirib bordik. U yerda ham mavzuga oid qarashlar va munosabatlar borasida ishtirokchilar bilan suhbatlashdik.

Farxat Soyibov (O‘zbekiston Qahramoni): Zarafshon shahri sanoat va ishchilar shahri. Bu yerda o‘z kasbini sevadigan fidoyi zahmatkash insonlar ko‘p. Ular yurt kelajagiga befarq emas. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bugungi xalqimiz kechagi xalq emas, ularning ongu tafakkur tarzi rivoj topgan. Ular voqelikka to‘g‘ri baho berib, muammolarga yechim topa oladi. Bizlarda yoshlarning o‘rni va roli katta ahamiyatga ega. Prezidentimizning sa’yi harakatlarida xalqimizni boy qilish, rozi qilish g‘oyasi bor. Qaysi ota-ona o‘z bolalarining kelajagiga beparvo bo‘lishi mumkin? Shunday ekan, istiqbolimiz ko‘zgusi va iqbolimiz oynasi bo‘lgan baxtimiz qomusi Konstitutsiyaga e’tibor va ehtirom bilan qarashlari tayin.

Rasul G‘afurov (Zarafshon shahar deputati): Yoshlarimizda intilish va izlanishlarini ko‘rib xursand bo‘laman. Ular har xil jabhalarda o‘z faolliklarini ko‘rsatishmoqda. Deputat sifatida ishontirib aytamanki, zarafshonliklar 30 aprel kuni  Referendumni ahillik hamda uyushqoqlik bilan xuddi bayramdek o‘tkazishadi.

Musallam Qurbonova (shahar targ‘ibot guruhi rahbari): Konstitutsiyaning yangi matni bilan tanishdim. Xalqimizning barcha manfaatlari, ehtiyojlari barchasi unda aks etgan desam xato bo‘lmaydi. Farzandlarim bilan o‘sha kunni intizorlik bilan kutaman. Referendum bizning kelajak yo‘limizni belgilaydigan, taqdirimiz ko‘zgusi, orzular ushaladigan kun, konstitutsion huquqlarimizni muhrlaydigan sana sifatida ahamiyatlidir. Zarafshonimizda ayni damda 70dan  millat vakillari istiqomat qilishadi. Ular bir oila farzandlari kabi ahil va totuv. Referendum masalasida hammamiz yakdil va maqsadlarimiz mushtarak. Chunki millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi nuqtai nazaridan barcha fuqarolarning teng huquqli sifatida qayd etilgani bu konstitutsiyaning insonparvarlik tamoyili va baynalmilallik ruhining ustuvorligini bildiradi.

Maxsuma Isayeva (Xorijiy tillar o‘qituvchisi): Men Yevropa davlatlarida bo‘lganman. Bizdagi bag‘rikenglik, mehridaryolik ularda yo‘qligiga amin bo‘lganman. Bizda esa shajaraning, oila a’zolarining yaqinligi va bir- biriga mas’ulligi insoniy munosabat zamiriga qurilgan. Yevropa mamlakatlarida otaning farzandga, farzandning otaga bog‘liqligi faqat valyuta bilan hal etilishi bizda kulgili, ularda esa bu holni tabiiy deb qabul etishadi.Ta’lim va tarbiyani o‘zaro bog‘liqligi bizda muhim. Bu har ikkala tushuncha insonning kamoloti bilan bog‘lanib, ta’limda tarbiyaning, tarbiyada ta’limning tomizg‘isi bor. Ularni bir-biridan ajratish maqbul emas, ular bir-biri bilan bog‘lanib ketgan.

«Yangi Zarafshon» mahallasi hududida joylashgan 19- sonli maktabga borganimizda bizlarni maktab direktori, viloyat kengashi deputati Aksaule Tumisheva kutib oldi. Maktabga kiraverishda «Yosh kitobxon» tanlovining g‘olibi bo‘lib «Prezident sovg‘asi»ni qo‘lga kiritgan 8-sinf o‘quvchisi Aziza Ibrohimovaning faoliyatiga doir banner qo‘yilgan edi. Maktab direktori benihoya xursand bo‘lib o‘quvchilarning 5 muhim tashabbus doirasidagi faolligi xususida g‘ururlanib, to‘lqinlanib gapirdi. Zum o‘tmay Aziza Ibrohimovani ham chaqirib kelishdi.

Aziza Ibrohimova: Yoshligimdan kitob o‘qish mening eng sevimli mashg‘ulotim bo‘lgan. Bu borada avvalo, ota-onamning bolalik paytlarimda turli badiiy kitoblarni keltirib berishlari, mutolaa qilishga qiziqtirishlari hamda savol-javob qilishlari bo‘lsa, ikkinchi muhim tomoni bizga saboq bergan o‘qituvchilarning talabchanligi va bilim-saviyasining yuqori ekanligini aytgim keladi. Men «Prezident sovg‘asi»ga ega bo‘lish uchun emas, shunchaki o‘zimning qiziqishim nuqtai nazaridan ushbu yuksak nishonga ega bo‘ldim. Men hozirda ham kitob mutolaasini kanda qilmayman.  Buning uchun bizga saboq berayotgan notiqlik mahoratini o‘rgatayotgan ustoz,  o‘qituvchilarga cheksiz minnatdorchilik bildirib qolaman.

Xizmat safari mobaynida zarafshonliklarga xos xushnud kayfiyat va ko‘ngil to‘qlikni boshqa tumanlarda jumladan, Tomdi, Uchquduq, Xatirchi, Nurota tumanlaridagi mahallalarda ham ana shu hissiyotni tuydik. Yurt qismatiga, ilm-fanga sadoqatli insongina chinakam vatanparvar bo‘ladi. Baxt qomusi - konstitutsiyamizga befarq bo‘lmaydigan insonni, ongli va keng dunyoqarashli shaxsni chin vatanparvar deyish joizdir. Chunki ushbu tarixiy hujjat xalqimizni baxtu saodatmandlikka da’vat etuvchi yo‘llanma va bebaho qo‘llanmadir.

Rahimboy Jumaniyozov,
«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati rahbari, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring