Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zmilliybank xalqaro kapital bozorida obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi

O‘zmilliybank xalqaro kapital bozorida obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi

2025 yil 8 iyul kuni «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» aksiyadorlik jamiyati (O‘zmilliybank) xalqaro kapital bozorida AQSh dollari hamda milliy valyutada ikki transhdan iborat xalqaro obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi. Jumladan:

1)  300 mln. AQSh dollarilik obligatsiyalar 5 yil muddatga 7,2% kupon stavkasida;
2)  1,5 trln. so‘mlik obligatsiyalar 3 yil muddatga 17,95% kupon stavkasida joylashtirdi.
Xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish va unga tayyorgarlik ko‘rish jarayoniga yetakchi xalqaro moliya institutlari va yuridik kompaniyalar jalb qilindi:

Anderrayterlar: J.P. Morgan, Citi, Societe Generale, Natixis, Standard Chartered, Mashreqbank, Abu Dhabi Commercial Bank, Oman Investment Bank, Commerzbank.
Yuridik maslahatchi: Dentons.
Auditor: Deloitte & Touche.

Ushbu obligatsiyalar chiqarilishi 140dan ziyod xalqaro institutsional investorlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi – arizalarning umumiy hajmi 1,3 mlrd. dollardan oshgan bo‘lib, shu jumladan AQSh dollarida – 1,04 mlrd., so‘mda esa –3,1 trln. tashkil etdi.

Qulay bozor sharoitlari hamda obligatsiyalarga oshib borayotgan talab tufayli O‘zmilliybank o‘tgan yilgi emissiyaga nisbatan kupon stavkalarini pasaytirishga erishdi:

-AQSh dollaridagi emissiya uchun 130 bazis punktiga (8,50% dan 7,20% gacha),
- so‘mdagi emissiya uchun 192,5 bazis punktiga (19,875% dan 17,95% gacha).

O‘tkazilgan «Road-Show» doirasida xalqaro investorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar natijasida obligatsiyalarni joylashtirish (ya’ni bozorga chiqarish) shartlari ancha yaxshilandi: O‘zbekiston Respublikasining suveren obligatsiyalariga nisbatan foiz stavkasining ustamasi (spredi) ilk marotaba AQSh dollarida 50 bazis punktga va o‘zbek so‘mida 105 bazis punktga kamaytirildi.

O‘zmilliybank obligatsiyalarining kupon stavkasining pasayishi xalqaro investitsiya jamoatchiligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlar samaradorligiga bo‘lgan ishonchining ortib borayotganini aks ettiradi.

Shubhasiz, ushbu jarayonning ijobiy kutilmalarining qo‘shimcha tasdig‘i hamda global investorlarning yuqori darajadagi talablarini rag‘batlantirgan muhim omillardan biri – nufuzli xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zmilliybankka berilgan yuqori baholari hisoblanadi:

S&P va Moody’s agentliklari – bankning kredit reytingi prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi;
Fitch Ratings agentligi – bankning uzoq muddatli reytingini «BB-»dan «BB»ga oshirdi va «barqaror» prognozini tasdiqladi.

Reyting ko‘rsatkichlarining oshirilishiga ta’sir qilgan asosiy ichki omillardan quyidagilari bo‘ldi:

⦁ bankning transformatsiyasida erishilgan izchil natijalar,
⦁ aktivlar sifatining yaxshilanishi,
⦁ sof foydaning barqaror oshib borishi,
⦁ kapitallashuv darajasi yuqoriligi,
⦁ mijozlar bazasining kengligi.

2025 yilning birinchi yarim yillik natijalariga ko‘ra, O‘zmilliybank quyidagi moliyaviy ko‘rsatkichlarga erishdi:

⦁ Jami aktivlar –141 827,06 mlrd so‘m (11,2 mlrd. dollar atrofida);
⦁ Kredit portfeli –109 302,63 mlrd so‘m (8,6 mlrd. dollar atrofida);
⦁ Kapitali – 19 324,69 mlrd so‘m (1,6 mlrd. dollar atrofida);
⦁ Sof foydasi– 1 005,29 mlrd so‘m atrofida (80 mln. dollar atrofida).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga muvofiq, 2025 yilda O‘zmilliybank oldiga xalqaro moliya institutlaridan jami 1,2 mlrd. AQSh dollari miqdorida kredit liniyalarini jalb etish vazifasi qo‘yilgan.

Jalb qilingan mablag‘lar turizm, transport, uy-joy qurilishi, energetika, sog‘liqni saqlash, aeroport infratuzilmasini rivojlantirish hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor investitsiya va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024 yil 16 dekabrdagi topshiriqlariga muvofiq, mahallalarni barqaror rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi loyihalarga, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zmilliybank 2025 yilda xalqaro bozorda milliy valyutada (so‘mda) obligatsiyalarni «ommaviy» joylashtirishga muvaffaq bo‘lgan O‘zbekistonning birinchi tijorat banki bo‘ldi. So‘mda jalb qilingan mablag‘lar hududlarda ustuvor loyihalarni amalga oshirish, jumladan, uy-joy qurilishi, xizmatlar sohasi, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Geosiyosiy beqarorlik davom etayotgan davrda O‘zmilliybank xalqaro obligatsiyalarning muvaffaqiyatli joylashtirilishi – xalqaro investorlarning kuchli ishonchini yaqqol tasdiqladi xamda O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga berilayotgan yuqori bahoning yana bir dalili bo‘ldi.

Ushbu bitim O‘zbekistonning suveren reytingi yaxshilangandan keyin amalga oshirilgan birinchi tranzaksiya bo‘lib, mamlakatdagi boshqa tijorat banklarining xalqaro kapital bozorlariga chiqishi uchun muhim qiyosiy mezon (benchmark) vazifasini bajaradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring