Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zreport TV» xodimiga tajovuz bo‘yicha IIBB axborot berdi

«O‘zreport TV» xodimiga tajovuz bo‘yicha IIBB axborot berdi

Foto: Videolavhadan skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zreport» telekanalidagi «No comment» ko‘rsatuvini tasvirga olish jarayonida telekanal operatoriga ikki nafar shaxs hujum qilib, videokameraga shikast yetkazgani haqidagi lavha tarqalgandi.

Holat yuzasidan ko‘plab munozaralar kelib chiqqani sabab Toshkent shahar IIBB axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.

«2020-yilning 13-sentyabr kuni Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasini «O‘zreport» telekanalidagi «No comment» ko‘rsatuvi uchun suratga olish jarayonida ikki nafar fuqaro — 27 yoshli Jaxongir M. va 22 yoshli Ayubxon B. telekanal operatori Baxtiyorov Fayozbekka qo‘llari bilan videotasvirga olish jarayoniga to‘sqinlik qilgan. Natijada «O‘zreport» telekanali operatorining qo‘lidagi videokamera shikastlangan.

Mazkur voqea yuzasidan hududiy profilaktika inspektori tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rishlik uchun  Toshkent shahar Chilonzor tumani ma’muriy sudiga yuborilgan. To‘plangan hujjatlarga asosan Jaxongir va Ayubxon O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun jarima jazosi tayinlangan.

Lavhada qayd etilgan holat bo‘yicha profilaktika inspektorining harakatlari qonuniyligini tekshirish maqsadida Toshket shahar IIBB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda, yakuni bo‘yicha qonuniy baho beriladi.

«O‘zreport» telekanali mutasaddilariga, sudning qaroridan norozi bo‘lganligi holati bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda yuqori turuvchi sudga murojaat qilishi mumkinligi tushuntirildi», deyiladi IIBB axborotida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring