Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Pandemiyani birinchi bo‘lib tugatgan mamlakat»da koronavirusni yuqtirish to‘rt hissa ko‘paydi

«Pandemiyani birinchi bo‘lib tugatgan mamlakat»da koronavirusni yuqtirish to‘rt hissa ko‘paydi

Foto: «Rossaprimavera»

Isroil — koronavirusga qarshi vaksinatsiya eng namunali va sifatli amalga oshirilayotgan sanoqli mamlakatlardan biri. Hatto «Isroil koronavirus pandemiyasini tugatgan birinchi mamlakat bo‘ldi», deya jar solgandi 2021-yilning bahorida «The Times Of Israel» gazetasi.

Biroq... hozir butunlay boshqa manzara. 

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berishicha, o‘tgan sutka davomida koronavirusni yuqtirish bo‘yicha 43 815 ta yangi holat ro‘yxatga olindi — bu pandemiyaning ilgarigi to‘lqinlari davridagi eng katta rekorddan to‘rt baravar yuqori ko‘rsatkich!

Bemorlarning 254 nafari og‘ir ahvolda, 63 nafari o‘pkaga havo yuboruvchi qurilmaga ulab qo‘yilgan.

Isroilda koronavirus pandemiyasi eng avjiga chiqqan davrda kunlik kasallanish holatlari 10 mingtagacha chiqqandi.

Yaqinda bosh vazir Naftali Bennet Isroilning jami 9,4 millionlik aholisidan 2 milliondan 4 millionigacha «Omikron» shtammini yuqtirib olishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Shunga qaramasdan, ayrim cheklovlar yumshatilmoqda, xususan, chegaralar ochilyapti, «yashil pasportlar» bekor qilinib, virusni yuqtirganlar bilan muloqot qilganlar uchun karantin 10 kundan 7 kunga qisqartirilmoqda.

Isroilda hozir ommaviy to‘rtinchi emlash boshlab yuborilgan. Ayni paytga kelib 424 000 kishi to‘rtinchi emlashni oldi, 4,3 mln. kishi — uch marta, 5,9 mln. kishi — ikki marta, 6,6 mln. kishi — bir martadan emlangan.

Worldometer ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi davrida Isroilda 1 589 106 kishi (mamlakat aholisining 17 foizi) kasallandi, bemorlarning 8 274 nafari vafot etgan, ayni paytda 200 616 nafar bemor davolanmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring