Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Paraosiyo o‘yinlari qahramonlari Toshkentda kutib olindi

Paraosiyo o‘yinlari qahramonlari Toshkentda kutib olindi

Foto: Sport vazirligi

V Paraosiyo o‘yinlarida tarixiy natija qayd etgan para atletlarimiz Toshkent xalkaro aeroportida tantanali kutib olindi. 

​Bugun Toshkent xalqaro aeroportining 3- terminalida Yaponiyaning Aichi-Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tgan V Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etib, tarixiy natijaga erishgan O‘zbekiston sport delegatsiyasini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

​Tantanali marosimda Paraosiyo o‘yinlari g‘olib va ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tomonidan o‘qib eshittirildi. Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi, Milliy gvardiya bayroqdorlari saf tortdi.

​Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Prezidentning sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari - ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov, sport vaziri Adkham Ikramov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev ishtirok etdi.

​Marosim davomida V Paraosiyo o‘yinlari qahramonlariga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi.

​Tantanali tadbirda O‘zbekiston sport delegatsiyasi bayroqdorlari, para velosiped sport bo‘yicha jahon va Paraosiyo o‘yinlari chempioni Marjona Pardaboyeva, para suzish bo‘yicha Paraosiyo o‘yinlari chempioni Azizbek Boynazarov hamda Paraosiyo o‘yinlarida uchta oltin medalni qo‘lga kiritgan Xurshid Kodirovning onasi Kamola Xidirboyeva va murabbiylar so‘zga chiqib, yurtimizda sportchilarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar uchun Davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirishdi.

​Eslatib o‘tamiz, joriy yil 18-24-oktyabr kunlari Yaponiyaning Aichi-Nagoya shaharlarida o‘tkazilgan V Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston 11 ta sport turi bo‘yicha 149 nafar para atlet bilan ishtirok etdi. Osiyoning 45 ta davlatidan 2 ming 600 nafardan ortiq sportchi qatnashgan musobaqalarda 18 ta sport turi bo‘yicha 490 ta medal jamlanmasi uchun bahslar olib borildi.

​O‘zbekiston sport delegatsiyasi musobaqalarni 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza, jami 145 ta medal bilan yakunladi. Vakillarimiz umumjamoa hisobida Xitoy va Yaponiyadan keyin uchinchi o‘rinni egallab, mamlakatimiz para sporti tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi.

​E’tiborlisi, O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu natija bilan Markaziy Osiyo, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hamda islom davlatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring