Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Peruda ilk bor prezidentlik saylovida ayol nomzod g‘alaba qozondi

Peruda ilk bor prezidentlik saylovida ayol nomzod g‘alaba qozondi

Peruda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida konservativ siyosatchi Keyko Fuximori chap qanot nomzodi Roberto Sanchesni ortda qoldirdi.

51 yoshli Keyko Fuximori — 1990-yillar oxirida Peru prezidenti bo‘lgan, insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun sudlangan Alberto Fuximorining qizi. U saylovoldi kampaniyasi davomida otasining jinoyatchilik va qurolli isyonchilarga qarshi qat’iy kurash siyosatini davom ettirishga va’da bergan.

Keyko Fuximori so‘nggi 15 yil davomida bir necha bor prezidentlikka nomzodini qo‘ygan, biroq har safar turli siyosiy qarashdagi raqiblari Fuximorilar oilasi vakilining hokimiyatga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun birlashgan edi. Bu safar esa uning to‘rtinchi urinishi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Saylov byulletenlarini qayta sanash uch haftadan ortiq davom etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Fuximori 9 223 396 ovoz (50,135 foiz), Roberto Sanches esa 9 173 755 ovoz (49,865 foiz) oldi. Nomzodlar o‘rtasidagi farq 49 641 ovozni tashkil etdi va bu Peru prezidentlik saylovlari tarixidagi eng kichik tafovutlardan biri bo‘ldi.

Fuximorining asosiy saylovoldi va’dasi jinoyatchilikka qarshi keskin kurash olib borishdan iborat bo‘ldi.

«Butun kuch-g‘ayratimiz eng yaxshi biladigan ishimizga — jinoyatchilikka nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga qaratiladi», — dedi u.

Saylovning ikkinchi turi 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan. Natijalar hali Peru Milliy saylov hay’ati (JNE) tomonidan rasman tasdiqlanishi kerak.

Keyko Fuximori Peru tarixida prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan birinchi ayolga aylandi. Avvalroq Dina Boluarte 2022 yilda vitse-prezident sifatida davlat rahbari lavozimini egallab, mamlakatning birinchi ayol prezidenti bo‘lgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring