Polsha mehnat bozori o‘zbekistonliklar uchun osonlashishi mumkin
Polsha O‘zbekistonni mamlakat mehnat bozoriga kirish osonlashtirilgan davlatlar ro‘yxatiga kiritishi mumkin.
Bu borada Polshaning Kelse shahrida bo‘lib o‘tgan Meva ishlab chiqaruvchilar iqtisodiy forumida O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (TMMA) delegatsiyasining Polsha ishbilarmon doiralari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida gap borgan.
«Dunyo» AA bergan xabarga ko‘ra,Polshadagi mehnat bozori muammolariga bag‘ishlangan alohida sessiyada O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari – TMMA xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Jahongir Rustamov ma’ruza qildi.
Yig‘ilganlar O‘zbekiston mehnat bozorining boy salohiyati, TMMA faoliyati, xavfsiz, tashkiliy va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishdilar.
Tadbir davomida polshalik tadbirkorlar mamlakatlar yoshlarining Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarga ko‘p ketayotgani sababli ishchi kuchi yetishmasligini, bu esa tayyor hosilni yig‘ib ololmaslik bilan bog‘liq katta yo‘qotishlarga sabab bo‘layotganini ta’kidladilar.
Polsha Bog‘bonlar uyushmasi raisi Vitold Pekarnik O‘zbekistondan kelgan ishchilar haqida ijobiy fikr bildirdi. Shu bilan birga, viza olishda to‘siqlar mavjudligi, bu migrantlarning Polshaga kelishini sezilarli darajada qiyinlashtirayotgani qayd etildi.
Borovka plantatsiyalari uyushmasi raisi Bartlomey Milcharek qishloq xo‘jaligi ishlari uchun ming nafar ishchi yetishmasligi ma’lum qildi. U ushbu o‘rinlarga O‘zbekiston fuqarolarini qabul qilishga tayyorligini bildirdi.
Muhokamalar natijasida TMMA va Borovka plantatsiyalari uyushmasi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, Bog‘bonlar uyushmasi tomonidan Polsha parlamentiga O‘zbekistonni mamlakat mehnat bozoriga kirish osonlashtirilgan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha tegishli murojaat yo‘llashi to‘g‘risida kelishib olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter