Ta’magir, firibgar va poraxo‘r. Gap farg‘onalik jurnalist haqida ketyapti

Mamlakatimizda bugungi kunda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, matbuotni erkin minbarga aylantirish borasida katta ishlar amalga oshirilayotgan bir paytda ayrim jurnalistlar nafs ko‘yiga kirib, jurnalist kasbiga dog‘ tushirmoqda.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida bir jurnalist pora bilan qo‘lga tushgani haqida turli xabarlar tarqaldi. Xo‘sh, bu nechog‘li to‘g‘ri? Aslida nima bo‘lgan edi?
Toshkent shahridan ro‘yxatdan o‘tgan «Tafsilot-Press» gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari N.Ashurov Farg‘ona viloyatidagi xalq ta’limi va tibbiyot muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, oziq-ovqat zaxirasini shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar ahvolini o‘rganish maqsadida xizmat safariga yuboriladi.
O‘zbekiston milliy axborot agentligining xabar berishicha, u Farg‘ona tumanidagi 32 va 3-maktabgacha ta’lim muassasalarida zaxira rejasida ko‘rsatilgan hajmda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratilmagani holatini matbuotda yoritmaslik evaziga tovlamachilik yo‘li bilan 1 ming 500 AQSh dollari talab qilgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi, Farg‘ona shahar va Farg‘ona tuman bo‘limi xodimlari, Milliy xavfsizlik xizmati Farg‘ona tumani bo‘limi xodimlari tomonidan 2017-yil 19-dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida N.Ashurov Farg‘ona shahridagi «Do‘stlik» mehmonxonasi yonida 800 AQSh dollarini olgan vaqtda ushlandi.
Tezkor tadbir davomida «Do‘stlik» mehmonxonasidagi N.Ashurov joylashgan xona xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda xizmat guvohnomasi, tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar, ma’lumotnomalar va normativ hujjatlar nusxalari ashyoviy dalil sifatida olingan. Shuningdek, u Farg‘ona tumani tibbiyot birlashmasi omborini kuz-qish mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini va birlashma oshxonasida ovqatlarning tayyorlanish holatini o‘rganib, tushlikka solingan ovqatga oz miqdorda go‘sht solinganlik holatini matbuotga olib chiqmaslik evaziga omborchidan 200 AQSh dollarini talab qilib, 100 AQSh dollari olgani aniqlangan.
Huquq-tartibot organlarining aniqlashicha, «uddaburon» jurnalist N.Ashurov 2017-yil 11-dekabr kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani hokimligiga borgan. Iqtisod bo‘limi xodimi Davronjon Begmatovga Toshkentdan kelganini, qishga tayyorgarlik, oziq-ovqat zaxirasini yaratilganini ko‘rishi kerakligini aytadi. D.Begmatov tuman xalq ta’limi bo‘limidan xodim ajratib, tumandagi 1-ixtisoslashgan maktab internatiga yuborgan. N.Ashurov o‘zini vallomatlardan tutib, tekshirishni boshlaydi. Maktab direktori S.Mamajonova mehnat ta’tilida bo‘lgani bois ishda bo‘lmaydi. Shunga ham qaramay, jurnalist uning xonasiga kirib, hujjatlarni tekshirgan. Bundan xabar topgan maktab direktori ishxonasiga kelsa, kabinetida bir begona kishi uning ish stolida o‘tirib hujjatlarni tekshirayotgan ekan. S.Mamajonova jurnalistdan tekshiruv uchun asos so‘ragan.
Nafs qurboniga aylangan S.Ashurov Prezident farmonlaridan nusxalar ko‘rsatgan. Hujjatlarda kamchiliklar yo‘q ekan, deb chiqib ketmoqchi bo‘lgan. Maktab direktori jurnalistning xatti-harakatlaridan shubhalanib, uni tuman hokimligiga olib borgan. Tuman hokimi kech bo‘lgani sababli ertaga kelinglar gaplashamiz, deb ularni chiqarib yuborgan. S.Ashurov tashqariga chiqib, maktab direktoriga qo‘ng‘iroq qilib uni chaqirgan. «Endi nima qilamiz?», deb so‘ragan. Direktor kamchilik aniqlanmagani, bu bo‘yicha huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishini aytgan. Ta’magirlik qilmoqchi bo‘lgan jurnalistning rangi o‘zgarib, sekingina juftakni rostlagan. Ertasi kuni maktab direktorining qo‘ng‘iroqlariga umuman javob bermagan.
Ayni kunlarda mazkur holat yuzasidan «Tafsilot-Press» gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari N.Ashurovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter