«Portugaliya faqat Ronaldudan iborat emas» — Kannavaro muhim o‘yin oldidan fikrlari bilan bo‘lishdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Portugaliya terma jamoasiga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
«Raqibimiz Jahon chempionatidagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. Agar Portugaliya jamoasini tahlil qilib ko‘rsangiz, ularning qanotlarda juda kuchli futbolchilari bor, dunyoning eng yaxshi yarim himoya chiziqlaridan biriga ega, shuningdek futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilaridan biri ham shu jamoada o‘ynaydi. Shunday ekan, bu oson o‘yin bo‘lmaydi. Lekin biz Jahon chempionatidamiz, jamoa sifatida harakat va mehnat qilishimiz zarur. Chunki ijobiy natija bilan maydonni tark etishning yagona yo‘li shu», — dedi Kannavaro.
Murabbiy Portugaliya o‘yin uslubi haqida ham to‘xtalib o‘tdi:
«Biz Portugaliyaning futbol falsafasini o‘rganishga harakat qildik. Ular doimo to‘p nazorati orqali o‘yinni boshqarishni yoqtiradi. Shuningdek, uchrashuvni juda faol boshlashga intilishlarini ham bilamiz. Chunki imkoni qadar tezroq o‘yinni o‘z foydasiga burishni, himoyani yorib o‘tishni istashadi. Shundan kelib chiqib biz ham bunga tayyorgarlik ko‘rdik, deb o‘ylayman. O‘z rejamiz va strategiyamiz bor va maydonda aynan o‘z o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz», — dedi u.
Kannavaro jamoasi kuchli raqibga qarshi maydonga tushayotganini, ammo bundan qo‘rqmasligini ta’kidladi:
«Qo‘limizdan kelgan eng yaxshi o‘yinni ko‘rsatishga va uchrashuv oxirigacha kurashishga harakat qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Shuningdek, italiyalik mutaxassis Ronaldu haqida ham to‘xtaldi:
«Biz faqat Krishtianuga qarshi o‘ynamaymiz. U futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri, biroq Portugaliya faqat Ronaldudan iborat emas. Ularning asosiy tarkibida ham, zaxirasida ham juda ko‘p yuqori saviyali futbolchilar bor. Shunga qaramay, jarima maydonida Ronalduni bir lahzaga ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. U istalgan payt gol urishi qodir. Shu bois butun o‘yin davomida maksimal darajada diqqatli bo‘lishimiz kerak», — dedi u.
Jamoaning holati haqida ham fikr bildirildi:
«Jamoaga kelganimizdan buyon asosiy e’tibor futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga qaratildi. So‘nggi o‘yin davomida futbolchilarning holati yaxshi ekanini ko‘rdim. Jamoa uchrashuvni yuqori tempda yakunladi va barcha o‘zini yaxshi his qildi», — dedi Kannavaro.
Murabbiy statistik ko‘rsatkichlar haqida to‘xtalib, eng muhimi faqat tezlik yoki yugurish emas, balki to‘p nazorati, aniq uzatmalar va kam xatoga yo‘l qo‘yish ekanligini aytdi.
«Agar to‘pni yo‘qotsangiz, uni qaytarib olish uchun yana ko‘p yugurishga to‘g‘ri keladi. Biz buni hisobga olganmiz. Muhimi ko‘p yugurish emas, to‘g‘ri yugurish», — dedi u.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter