Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Poytaxt hokimligi sudda yana «qizardi»

Poytaxt hokimligi sudda yana «qizardi»

Vazirlar Mahkamasining tegishli bayonnomasi va Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan Shayxontohur tumani, “Anhor” kanali yoqasidagi (muhofaza hududida) turar va noturar binolar buzilishga tushgandi. Buzilgan katta-kichik inshootlar o‘rni obodonlashtirilib, ko‘ngil ochar maskanlar qurilishi rejalantirildi. Bu - yaxshi, albatta.

“Toshkent o‘rdasi” MChJ ham "yurtga kelgan to‘y"da benasib qolmadi. Unga tegishli 2345 kv.m yer maydoni va umumiy maydoni 1897 kv.m. bo‘lgan bino-inshootlar buziladigan bo‘ldi. Toshkent shahar hokimligi shunga yarasha joy berishi lozim ediki, buzishni qoyillatgan mutasaddilar zimmasidagi majburiyatni unutdi, go‘yo... MChJ rahbarlari necha marta murojaat qilmasin, natija bo‘lgani yo‘q. Bu yoqda vaqt o‘tyapti, tadbirkor uchun yo‘qoltilgan har daqiqa katta zarar deganidir.

Quruq va’dalardan toqati-toq bo‘lgan “Toshkent o‘rdasi” MChJ Toshkent shahar hokimligi va Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi mansabdor shaxslarining harakatsizligidan "dod" deb, sudga murojaat qildi.

Keyin-chi?

Chilonzor tuman ma’muriy sudi sudyasi Do‘stmurod Toshevning "Xabar.uz"ga ma’lum qilishicha, MChJning poytaxt hokimligi va Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi mansabdor shaxslari harakatsizligi yuzasidan keltirgan arizasi qisman qanoatlantirildi. Sud ushbu idoralar mansabdor shaxslari zimmasiga “Toshkent o‘rdasi” MChJga tegishli tartibda joy ajratish majburiyatini yukladi.

Shuningdek, javobgarlardan solidar tartibda 1.115.000 so‘m davlat boji undirishni ham lozim topdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring