Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident 5 ta partiyaning qaysi tashabbuslari bilan hamfikr bo‘lganini aytdi

Prezident 5 ta partiyaning qaysi tashabbuslari bilan hamfikr bo‘lganini aytdi

Prezident, Parlament Quyi palatasi majlisidagi chiqishida partiyalar saylov kampaniyasi davomida ilgari surgan va xalq qo‘llab-quvvatlagan har bir taklif albatta ko‘rib chiqilishi va amalga oshirilishini ta’kidladi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash haqidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

Prezident «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining maktablarda muallimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish, farzandlarimizni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ularga ona tili va chet tillarni o‘rgatish uchun yanada keng sharoitlar yaratishga oid takliflariga qo‘shildi.

O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, aholimizning pensiyaga chiqishdagi kafolatli huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasining istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha pozitsiyasi, dorilar ustidan nazoratni kuchaytirish, narxlar sun’iy oshishini oldini olish, retseptsiz dorilar ro‘yxatini qisqartirish bo‘yicha intilishlarini ma’qulladi.

Ekologik partiyaning davlat organlari va korxonalar hududida yashil bog‘lar tashkil etish, ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha dastur qabul qilish haqidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, o‘tgan besh yil davomida quyi palata samarali faoliyat ko‘rsatgani e’tirof etildi.

«Avvalambor, parlamentimizning to‘rtinchi chaqiriq deputatlari mamlakatimizning kelgusi taraqqiyot yo‘nalishini belgilab bergan Asosiy qonunimizni yangi tahrirda tayyorlash va qabul qilishda jonbozlik ko‘rsatdilar va bu Yangi O‘zbekiston solnomasida yorqin tarixiy voqea sifatida muhrlandi.

Quyi palata tomonidan 130 dan ortiq yangi va yaxlit qonunlar qabul qilindi. Bu – oldingi davrga nisbatan 1,5 karra ko‘p», – dedi davlat rahbari.

Prezident o‘tgan chaqiriqda faoliyat ko‘rsatgan deputatlarga samarali mehnatlari uchun chin dildan minnatdorchilik bildirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring