Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident birinchi yarim yillikda kutilayotgan natijalar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident birinchi yarim yillikda kutilayotgan natijalar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada joriy yilning birinchi yarim yilligida kutilayotgan natijalar va sifat o‘zgarishlarini tahlil qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Faol investitsiya siyosati yuritilib, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga investitsiyalar, eng avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar yo‘naltirilayotgani, tadbirkor va investorlarga har taraflama amaliy ko‘mak berish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlar joriy qilinib, izchil amalga oshirilayotgani natijasida yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanayotgani qayd etildi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 5,4 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7 foizga, qurilish-pudrat ishlari 9,6 foizga va xizmatlar hajmi 13,9 foizga o‘sishi kutilmoqda. Ushbu natijalarda, avvalo, o‘zlashtirilgan investitsiyalar qariyb 1,5 barobar o‘sgani eng muhim omil bo‘lgani alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, barcha tarmoq va hududlarda to‘liq foydalanilmayotgan rezervlar hali ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Ularning rahbarlariga zamonaviy korxonalar va yangi ish o‘rinlari tashkil etish, mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirib, qo‘shimcha tushumlarni ijtimoiy va kommunal sohalarni rivojlantirish, qishloq va mahallalarni obod qilish, aholining hayotini yaxshilashga yo‘naltirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

Davlat rahbarining hududlarga tashriflari doirasida ishlab chiqilgan dasturlar hamda aniq investitsiya loyihalari ijrosini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish, shuningdek, yangi loyihalarni shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda shahar va tumanlarning me’moriy qiyofasini yaxshilash, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida uy-joylarni ta’mirlash va aholi punktlarini obodonlashtirish, ichimlik suvi, elektr energiyasi tarmoqlari, mahalliy va ichki yo‘llarni qurish-ta’mirlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar holati ko‘rib chiqildi. Zarur moliyaviy va boshqa resurslarni o‘z vaqtida ajratish hamda o‘zlashtirish, belgilangan ishlarni sifatli bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Majlisda Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Har bir tarmoq va hududni rivojlantirish bo‘yicha ko‘zlangan marralar va aniq vazifalarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash uchun tegishli rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralari belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring