Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident bu sohaga alohida ahamiyat qaratadi

Prezident bu sohaga alohida ahamiyat qaratadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-iyul kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumki, prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz hududlariga safarlari chog‘ida IT-parklarni borib ko‘radi, axborot texnologiyalari bo‘yicha loyihalarga alohida ahamiyat qaratadi. Chunki bu sohada yoshlarni ish bilan, yuqori daromad bilan ta’minlash uchun katta imkoniyatlar bor.

Videoselektor yig‘ilishida ham bu masalaga to‘xtalib o‘tildi. Har bir tuman va shahar Yoshlar ishlari bo‘limlari va oliy o‘quv yurtlari qoshida axborot texnologiyalariga o‘qitish markazlari tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Joriy yilda 380 ming nafar ishsiz yoshning bandligini ta’minlash bo‘yicha shahar va tumanlar kesimida «manzilli reja»lar ishlab chiqilib, mahalliy kengashlarda tasdiqlangan edi. Natijada o‘tgan olti oyda 270 ming nafar yigit-qiz ishga joylashtirildi.

Yig‘ilishda dastur ijrosi hamma joyda ham birdek bajarilmayotgani qayd etilib, mas’ullar ogohlantirib o‘tildi.

Yil yakunigacha yoshlarning 360 milliard so‘mlik 2 ming 200 ta loyihasini amalga oshirish orqali kamida 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.

Yoshlar uchun yana bir muhim yangilik – Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi qoshida Venchur fond tashkil etilishi belgilandi. Ushbu jamg‘armaga dastlab 1 million dollar yo‘naltiriladi.

Shuningdek, startap loyihalar tanlovini tashkil etish orqali joriy yilda har bir viloyatda kamida 10 ta, kelgusi yildan boshlab yiliga kamida 20 ta eng yaxshi startap loyihalarga 50 milliondan 200 million so‘mgacha grant ajratiladi. Bundan tashqari, quduq qazish, sug‘orish vositalari xarid qilish, issiqxona o‘rnatish, urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun yoshlarga subsidiyalar beriladi.

Yosh tadbirkorlarga huquqiy, buxgalteriya, marketing, bank va boshqa sohalar bo‘yicha konsalting xizmatlari xarajatlari qoplanadi. Prezident ushbu chora-tadbirlar bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring