Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident dakkisidan so‘ng Jahongir Ortiqxo‘jayev kasalxonaga bordi

Prezident dakkisidan so‘ng Jahongir Ortiqxo‘jayev kasalxonaga bordi

Videolavhadan skrinshot

Bugun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahridagi Ibn Sino nomidagi shahar 1-sonli klinik shifoxonasida bo‘lib, undagi sharoitlar bilan tanishdi hamda COVID-19 bilan xastalangan  fuqarolarning oila a’zolari bilan suhbatlashdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot davomida kasalxonada davolanayotganlarning tezda shifo topishi uchun barcha sharoitlar, jumladan, dori-darmonlar va oziq-ovqatlar ta’minoti to‘liq bo‘lishi aytib o‘tilgan. Fuqarolarning ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam qoniqarli emasligi to‘g‘risida xavotirli fikrlari tinglanib, ularing savollariga atroflicha javob berilgan.

Hokim mutasaddilarga fuqarolarning ehtiyoj va iltimoslarini o‘rganib, ularni talab darajasida qondirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Keyingi manzil Toshkent shahar Tez tibbiy yordam xizmati dispetcherlik markazi bo‘lib, hokim kelib tushayotgan murojaatlarning qabul qilinish jarayonini ko‘zdan kechirgan. Mavjud muammolarga joyida yechim taklif qilib, topshiriqlar bergan.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident respublika bo‘yicha jami kasallarning 40 foizi Toshkentga to‘g‘ri kelayotganini ta’kidlab, holat uchun rahbarlarni qattiq tanqid qilgandi.

«Hokimlar va sektor rahbarlari o‘z hududidagi haqiqiy ahvolni umuman o‘rganmagan va pastga tushmagan. Sizlar hozirgi siyosatimizga, xalqimizga xiyonat qilyapsizlar. Qanday achchiq bo‘lsayam, baho mana shunday», – degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Mavjud kamchiliklardan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan berilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring